Asrang

Chiroying ta'rifi — ko‘zdagi surma,
Iymanib boqasan, yerda nigohing.
Qalbimga yashirin, o‘zgaga burma,
Sen o‘zing aslida sof gulimoxim.

Non sindirib qo‘ydi otang begumon,
Oq fotiha oldi ikki qalb bugun.
Onang sep tayyorlar quvonib shodon,
Yechildi ko‘ngildan orzuli tugun.

Barmog‘ing bezadi nikox uzugi,
Vafodor yorlikka ahd-paymon bo‘ldi.
Muhabbat bog‘ining so‘lmas g‘unchasi,
Bugun xonadonga fayz-barka to‘ldi.

Chillali kechalar, baxtli saharlar,
Boshingdan aylanur baxtning qushlari.
Ortida qoladi armon, xatarlar,
O‘ngga aylangusi shirin tushlari.

Kelinlik saloming — hayo latofat,
Egilib ta'zimda turishing go‘zal.
Bizning sevgimizga buyurdi, soflik.
Avlodlar tilida bo‘lgusi g‘azal.

Inshaolloh, yangrar karnay-surnaylar,
Ostona xatlaysan muqaddas, toza.
Bizning sof tuyg‘uni dunyo olqishlar,
Sevgimiz tarixi — buyuk ovoza.

Chin baxtingiz o‘zingizni qo‘lingizda, uni qadriga yeting va asrang.


Рецензии