Олисда

Vatandan olisda cheksiz sog‘inchdir.
Ona tuprog‘imni qo‘msadim, netay.
Dunyo siyosatin kuzatib bunda,
Omonlikda onam bag‘riga yetay.

To‘qnashuv, ziddiyat tugasin deya,
Har daqiqa Tangriga iltijo qildim.
Barcha xalqlar ilohim do‘st bo‘lsin deya,
Allohimga tinchlik so‘rab, duolar qildim .

O‘ta rivojlangan hozirgi zamon,
Yarashmas behuda qon to‘kilishlar.
Kelajak avlodimiz bo‘lsin ziyoli,
og‘izdan chiqmasin yomon so‘kinishlar.

Begona shaharning nurli chirog‘i,
Avtobus oynasidan boqdim, termulib.
Ishdan so‘ng toliqqan mana shu tanam,
Uyimni sog‘inar sog‘inchga to‘lib.

Charchoqlar tarqalar yurtim deganda,
Kvartira tomon yo‘l olgan odim.
Musofir bo‘lganlar tushunar faqat,
Ichimdan otilgan ushbu faryodim.

Ko‘zimga ko‘rinmas o‘zga koshona,
Ko‘nglimning yarmisi Vatanda qolgan.
Kelajak umidi, onam  sog‘inchi,
Meni bu yo‘llarga, yiroqqa solgan.

Musofir yurtlarda topsam ham obro‘,
Ko‘zimga ko‘rinmas dunyoning zari.
Onamning mexrlari, hovlim shotuti
Meni o‘ziga chorlar har nafas sari.

Yurtimning har qarich yeri muqaddas,
Hattoki tuprog‘i ko‘zga  to‘tiyo.
Omonlikda yetib borishni nasib et,
Sendan o‘tinchim shu, ey qodir Xudo.

Kelajak kunlardan umidim katta,
Yaqinlarni  tark etsin g‘am bilan alam.
Barcha inson bo‘lsin baxtli, ziyoli.
Shu haqda kuylasin Nizomiy har dam.

Tangrim, panohingda asragin bizni,
Yo‘limizni doim qilgin bexatar.
Omonlikda yetib ona yurtimga,
Omonlikda ko‘rishaylik, illo har safar.

Duoda bo‘ling siz, ey aziz onam,
Niyatga yetaylik bo‘lib sog‘-omon.
Musofir bandangni o‘zing asragin,
Yo‘limni burgin Sen, Vatanga tomon!


Рецензии