Karlos Kastanedaning Don Xuan romani haqida

Sherzod Komil Xalil

Karlos Kastanedaning «Don Xuan» romani haqida

Karlos Kastanedaning «Don Xuan» romanini o‘qishimga ikki omil sabab bo‘lgan:
1) Men o‘n yetti yoshimdan Lotin Amerikasi adabiyotiga mislsiz qiziqish ishtiyoqiga tushib qolgandim. Xorxe Luis Borxes, Xuan Rulfo, Alexo Karpenter, Gabriel Garsia Markes, Asturias kabi adiblar ijodi hushimni o‘g‘irlagandi. Karlos Kastaneda shu adiblar safida bo‘lishi uchun «Don Xuan»ni o‘qishni boshladim.
2) 2008-2009 yilgi mavsumda men Toshkent To‘qimachilik va Yengil Sanoat institutida falsafa kafedrasida ishlardim. O‘shanda ilk bor ijtimoiy antropologiyada grant yutib olishga juda yaqin kelgandim. Bizning loyihamiz eng so‘ngi respublika bosqichiga chiqib borgandi. Loyiha menga tegishli edi, ammo o‘shanda xuddi hozirgidek ilmiy darajaga ega emasdim. «Falsafa magistrining estaliklari» essemda yozganimdek, men bor-yo‘g‘i zamonaviy g‘arb falsafasi va tarixi magistri edim. Xullas so‘ngi bosqichda, ijtimoiy antropologiya grantini yutib olish uchun himoyaga sohani rahbari bo‘lgan kishi grant himoyasiga chiqish kerak edi. O‘shanda falsafa fanlari doktori, professor O‘rol Abilov bizni grant rahbarimiz sifatida so‘zga chiqdi. Yana dosent Abdulla Nasriddinov himoyaga chiqdi. Oxirida men chiqishim kerak edi. Ijtimoiy antropologiyani nisbatan  ancha mukammal o‘qib o‘rgandim. O‘shanda o‘zimni g‘oyibona ustozim sifatida ijtimoiy antropolog Redkliff Braunning qattiq ta’siri ostida edim. Grant loyihasida afsus loyiha rahbarlarining yetarli munosabati bo‘lmagani tufayli ikkinchi o‘rinda qolib ketganmiz. Grantni zamonaviy sharq falsafasini ko‘targan sharqshunoslik universiteti falsafa kafedrasi yutib olgandi. Ammo bizga taqdirning sharofati bilan o‘sha yili ijtimoiy antropologiyani sinov sharti bilan falsafa kafedrasi orqali o‘qituvni yo‘lga qo‘yishga Oliy ta’lim vazirligi tomonidan ruxsat berildi. Bu menga ijtimoiy antropologiya bo‘yicha qo‘shimcha kitoblar o‘qishga rag‘bat uyg‘otdi. Kitoblar faqat ilmiy emas, badiiy xarakterga ham ega bo‘lishi kerak edi va bu holat meni Karlos Kastanedaning «Don Xuan» romani bilan to‘qnashtirdi.
       Kitob Kaliforniya universiteti antropologiya talabasi, ya’ni muallifning 1960 yilning yozida Arizonadagi avtobus bekatida hindistonlik Don Xuan bilan uchrashishidan boshlanadi. Tanishuv sababi dorivor o‘simlik peyotlga bo‘lgan umumiy qiziqish edi. Peyotl bu - kaktus, psixotrop ta’sirga ega. Peyote Shimoliy Meksika va Arizona cho‘llarida o‘sadigan tikansiz kaktus bo‘lib, gallyusinagen ta’sirga ega. Hindular uning bu ta’sirini yaxshi bilgan va undan diniy marosimlarida foydalanib kelgan. Peyote tarkibida meskalin moddasi bo‘lib, aynan u psixotrop ta’sirga ega. Kastanedagacha bu haqda taniqli ingliz yozuvchisi Oldos Xaksli ham yozgan. Xullas Kastaneda asarida 1891 yilda tug‘ilgan Don Xuan Karlosni o‘z talabasi sifatida tanlaydi, u uni sehrgarlar haqida hikoyalar bilan o‘ziga qiziqtirib qo‘yadi. Karlos Don Xuandan ko‘plab amaliy bilimlarni o‘zlashtira boshlaydi va donolikka erishishni yagona yo‘li gallyusinogen o‘simliklar yordamida haqiqatni his qilish ekanligini anglab yetadi. Qudrat va kuch manbaiga ega bo‘lishni asosiy sababi aynan shu yo‘l bilan qo‘lga kiritilishini tushunadi.Karlos peyote qabul qilganidan so‘ng gallyusinasiya natijasida qudratli kuchni o‘zida mujassamlashtirgan sharpa - qora itni ko‘radi. Don Xuan chin bilim qo‘rquvdan boshlanishiga uni ishontiradi. U bilim kishisining to‘rtta asosiy dushmani:
1)Qo‘rquv
2) Reallik
3) Qudrat
4) Qarilik
ekanligini unga aytadi. Kitobda to‘rt kunlik davom etadigan peyote marosimlari tasvirlangan. Bu peyoteros deb ataladi. Voqealar yilma-yil yozib borilgan, xuddi haqiqatdek, o‘quvchini qo‘rquv va hayojon ichra o‘z ta’sirida ushlab turadi. Chunonchi, 1965 yilda Karlos o‘zini peyote ta’sirida  qarg‘aga aylanishini tasvirlaydi. Darovoqe, Xaksli do‘stini peyote ta’sirida to‘ng‘izga aylanishini xohlayotganini aytgan. Demak, peyoteni odamga shu tariqa ta’siri bo‘lgan. Olimlar shamanlar bu ilohiy kaktusdan yetti ming yildan beri foydalanib kelishini aytishadi.1571 yilda Meksika inkvizasiyasi uni «iblisning ildizi» deb e’lon qilib undan foydalanishni butunlay ta’qiqlagan. Kitob qahramoni Karlos ham peyotening mana shunlay «ilohiy» ta’sirini o‘z boshidan kechiradi. Peyote dan foydalanish paytida Castaneda tomonidan quyidagi ta'sirlar tasvirlangan:
а) Og'iz va til chidab bo'lmas achchiqlik natijasida betin tupik keltirib chiqaradi. Don Xuan bu borada o'z shogirdlariga uyqusizlik va tupurik bilan kurashishga yordam beradigan vosita sifatida og'izni tekila bilan yuvishni taklif qilgan.

b) Organizmdagi turli reaktsiyalar ta’sirida odam izchil gapirish qobiliyati yo'qoladi.

v) Birinchi yarim soat ichida kuchli ko'ngil aynishi va qayt qilish mumkin. Qadimgi hindular orasida qusish borligi rag'batlantirildi va bunda o'simlikdan foydalanish samarali bo'layotganligi bilan izohlanadi.

g) Ko’z qorachig'i torayadi, ko'rish keskinligi pasayadi, odam ultrabinafsha va infra qizil nurlanishni yaqin masofadan ko'ra oladi, fikrlash ravshanligi va oddiy sezgilar uchun mavjud bo'lmagan signallarni idrok etish qobiliyati paydo bo'ladi.

d) Kuchli taxikardiya boshlanadi, ya’ni yurak urishi tezlashadi, insonda o’zidagi  energiyani baxsh etish uchun hech qanday joy yo'q degan tuyg'u paydo bo'ladi, sizni tinchlantiradigan joyni topish mumkin emas, bo'g'ilish hissi paydo bo'ladi.

e) Vizual gallyutsinatsiyalar mavjudligi tufayli ranglarni idrok etish buziladi, ranglar yorqinroq ko’rinadi, naqsh va geometrik bezaklar o'zgarishi mumkin, ular go’yo yanada murakkab va hajmli naqshlarga aylanadi.

j) Serotonin (zavq gormoni) ishlab chiqarilishining ko‘payishi natijasida baxtiyorlik va eyforiya hissi paydo bo‘ladi odamda.

z) Oxirgi bosqichda ongning misli ko'rilmagan ravshanligi keladi, gallyutsinatsiyalar to'xtaydi, lekin atrofdagi hamma narsaning yorqinligi hissi saqlanib qoladi, bu "hushyorlik" dan oldingi lahzadir. Asarda Kastaneda bu lahzalarda o‘zini ideal mavjudotdek his qilib, odam ekanligini unutadi, u bundan misli ko‘rilmagan qayg‘uga botib, yig‘lardi.
Peyoteni qabul qilish natijasida 1965 yilning sentbrida Karlos ruhiy tushkunlikka tushadi. Don Xuan buni «inson ruhini yo‘qotish» deb tushuntiradi. Darvoqe, aytib o‘tishim kerakki, peyotedagi meskalin moddasi psixotrop giyohvand modda bo’lib ta’qiqlangan, uni qo’llash so’g’lik uchun avvaldan bilib bo’lmaydigan oqibatllarga olib keladi, bu hatto o’limga sabab bo’lishi mumkin. Men uni asar bilan bevosita bog’liq bo’lgani uchun aytib o’tdim va undan foydalanishni tavsiya qilmayman. Ammo sehrgarlar, shamanistik marosimlar, donolik va sirli bilimga ega bo‘lish «Don Xuan»ni o‘qish uchun sizga sabab bo‘la oladi deb o’ylayman. Ittifoqo, kitob oxirida sirli bilimga ega Don Xuan Karlosga dunyolar orasidagi yoriq haqida gapirib beradi. Alqissa juda qiziq va sirli kitob. Agar siz ham ijtimoiy antropogiya va mistikaga qiziqsangiz men bu kitobni o‘qib ko‘rishni albatta tavsiya qilaman. Kitobni qisqa sharh etib berish boshqa narsa, kitobni o‘qish va uni his qilish esa umuman boshqa narsa. Karlos Kastanedaning «Don Xuan»ini mutolaa qilsangiz mening nima demoqchi bo‘lganimni shubhasiz chuqur tushunasiz. Magistrlik dissertasiyasi sifatida yozilgan bu kitob bilishimcha Kastanedaning ilk asari hisoblanadi va undagi hayratomuz voqealar o‘zining biografik xarakteri bilan o‘ziga shu qadar ishonchli tuyuladiki, hozirgacha, bu voqealar haqiqatmi yo yozuvchi fantaziyasimi degan masalada savollar bisyor, bu haqda ilmda butun boshli tortishuvlar va tadqiqotlar majmuasi mavjud. Xullas, mistik realizm adabiyotining ulug‘ siymosi Karlos Kastanedaning «Don Xuan» romanini o‘qib ko‘rish, sizning zamonaviy sivilizasiyadan charchagan ruhingizga o‘zgacha halovat baxsh etishiga ishonaman.


Рецензии