Gabriel Garsia Markes

Gabriel Garsia Markes

 Ko‘nglimizga zabt eta olgan argentinalik zot
(esse)

Men oxirgi marta tarixiy 1968 yilda Pragada Karlos Fuentes va Xulio Kortasar bilan birga ko‘rishishga muvaffaq bo‘lgandim. Biz Parijdan poyezdda sayohat qildik, chunki uchalamiz ham samolyotdan qo‘rqish borasida birdamlikka ega edik, shu bois  ikkiga  bo‘lingan Germaniyadan tunda o‘tayotganimizda, uning ulkan zavodlarini, suvlari lavlagi rangini eslatuvchi dengizlari tomosha qilgancha, dahshatli urushlardan tortib, ulug‘vor sevgi fojealarigacha deyarli hamma narsa haqida gaplashishga muvaffaq bo‘ldik. Uyquga yotishimizdan oldin Karlos Fuentesning xayoliga jaz orkestrlarida pianino qanday va kimning tashabbusi bilan kiritilganligini Kortasardan so‘rash fikri kelib qoldi. Savol kutilmaganda berildi, lekin Kortasar o‘zini quruq sana va ismlarnigina bilimdoni qilib ko‘rsatmadi, bil’aks, u tong otguncha katta krujkalardagi pivo va sovuq kartoshka aralashmasi qo‘shilib ketgan yorqin sobor nutqi bilan bizga butun boshli voqeyliklarning ko‘z o‘ngimizda jonli  gavdalantirdi. So‘zlarini qanday tosh bosishini mukammal biladigan Kortasar, favqulodda ajoyib soddalik va mahorat bilan bizga to‘liq tarixiy va estetik rekonstruksiya bilan  taqdim etganda, quyoshning ilk nurlari borliqqa tarala boshlagan  va u nutqini jazz pianisti Telonius Monk bilan xotimalagandi. U nafaqat cho‘ziq talaffuzdagi "rr" bilan balki katta suyakli qo‘llari bilan ham fiklarini istifoda etardiki, men boshqa hech kimning qo‘llarini bunchalik ifodali ekanligini eslay olmayman. Hech shubhasiz Karlos Fuentes ham, men ham o‘sha noyob kechaning shavqini hech qachon unutmaymiz.
      Oradan o‘n ikki yil o‘tgach, men Xulio Kortasarni Managua bog‘ida juda katta olomon bilan to‘qnashgan holda yuzma-yuz kelganligiga guvoh bo‘ldim, alalxusus, o‘shanda uning yagona quroli Kortasarning betakror ovozi va eng qiyin hikoyalaridan biri edi: u mungli bokschi hikoyasini og‘ir, tajang bir lahjada aytib berardi. Buenos-Ayresning qoq yuragida, agar siz uning iboralarini ma’nosini tushunmasangiz oddiy odamlardan buni tushuntirishni so‘rash imkonsiz bo‘lar edi. Ammo Kortasar atayin shu hikoyani katta yoritilgan bog‘dagi sahnada ishsiz duradgorlardan tortib inqilob qo‘monlarigacha va ularning raqiblari aralashib ketgan olomon oldida o‘qish uchun tanlagandi. Bu g‘aroyib tajriba edi. Rostini aytganda uning hikoyada qo‘llagan jargonini tushunish, uning lahjasini to‘liq tuyadiganlarga ham oson bo‘lmasa-da, biroq Xose Anxel Napoles olgan zarbalarni barcha his qilganday tuyuldi va uning o‘qishlari ta’sirida behuda mujdalarga berilgan  qashshoqlikdagi  odamlar hatto yig‘lab yuborishiga oz qoldi.  Kortasar o‘z tinglovchilari bilan shunday samimiy aloqaga erishdiki, endi u so‘z bilan nima deyishini istashini, yoki istamasligini hech kimga ahamiyati yo‘q edi - go‘yo maysazorlar ustiga cho‘k tushgan odamlar uning ovozi sehriga bo‘ysunib havoda suzib yurganga o‘xshardi. Bu ovoz go‘yo boshqa dunyodan kelayotgandek edi.
    Shubhasiz, Kortasar haqidagi bu ikki xotira meni juda ta’sirlantirgan, nazarimda bu voqealar menga uni tushunishning eng yaxshi yo‘liday tuyuladi. Menimcha, bu uning shaxsiyatini menga ko‘ringan ikki chegarasi edi. Samimiy muhitda, u xuddi Pragadagi poyezdda ketayotgani kabi o‘zining notiqligi, jo‘shqin bilimdonligi, puxta xotirasi, tavakkalchi hazil-mutoyibasi bilan tinglovchilarni o‘ziga rom eta olgandi - bularning bari uning buyuk so‘z ustasi ekanligini yana bir karra tasdiqlaydi. Garchi u odatda omma ichida spektakl ko‘rsatishni xushlamaydigan yozuvchilar sirasiga kirsa-da, ammo bu gal istisno tariqasida tomashabinlarni mehrini qozongandi, alalxusus, unda qandaydir g‘ayritabiiylik, xushxulq va g‘alati bir mulozamatli odam bo‘y ko‘rsatgandi. Har ikala holatda ham u men tanigan o‘sha ulug‘ siymo edi.
      Yillar o‘tib garchi biz allaqachon eski do‘st bo‘lsakda, men uni ilk bor qanday ko‘rgan bo‘lsam, xuddi shunday ko‘raman deb o‘ylagandim, ammo u bu olomon oldida o‘zining eng mukammal hikoyalaridan biri "Boshqa osmon"ni o‘qish asnosida esa u o‘zini qayta yaratganday ta’assurot qoldirdi. Unda Parijga kelgan noma’lum ispaniyalik o‘zgacha qiziqish tufayli gilotina qatllarida qatnashishi hikoya qilinadi. Go‘yo oyna oldida turgagdek, Kortasar uni shunday ta’riflaydi: "Uning yuzida o‘ziga xos ifoda aks etgandi, bu ayni paytda diqqati jamlangan qiziquvchanlikning ham nishonasi edi. Bu uyquda qotib qolgan va lekin uyg‘oqlikka qaytishi mumkin bo‘lgan ammo bunday qadam tashlashni rad etadigan odamning yuzi." Uning qahramoni men uni birinchi ko‘rgan Kortasar paltosida o‘xshash uzun qora plashda aylanib yuradi, lekin hikoyachi uning qayerdan kelganini so‘rash uchun unga yaqinlashishga jur’at eta olmaydi, chunki u uning sovuq g‘azabidan cho‘chiydi. Shubhasiz bu o‘rinda menga ba’zi o‘rinli savollar tug‘iladi. Bu savollarning g‘alatiligi shundaki, men ham xuddi shunday qo‘rquv tufayli, u bilan eski dengiz flotida ko‘rishgan ilk oqshomimda Kortasarga yaqinlashishga jur’at eta olmaganman. U o‘shanda bir soatdan ortiq vaqt davomida beto‘xtov nimadir yozayotgandi, shu vaqt davomida yarim stakan mineral suv ichganini ko‘rdim, nihoyat u tashqarida qorong‘u tusha boshlaganida, ruchkasini cho‘ntagiga yashirib qo‘ltig‘iga daftar qistirib dunyodagi eng nozik va eng daroz maktab o‘quvchisi kabi oldimizdan yurib o‘tib ketgandi. Keyingi uchrashuvimizda unda o‘zgargan yagona narsa - qalin qora soqol qo‘ygani, uning o‘lmasligi haqidagi afsonaning haqiqatligiga ishora qilganday tuyuldi, inchunun u shu vaqt davomida yuksalib borishdan zarracha to‘xtamadi, yoshlik eleksiri esa uning nigohida qotib qolgandek edi. Ammo men bu haqda undan so‘rashga jur’at qilolmadim, xuddi 1956 yilning qayg‘uli kuzida eski dengiz flotining burchida uni ko‘rgan chog‘imda bu haqda aytolmaganimdek, uyatchanligim uchun yana istihola qildim. Chunki menda unga nisbatan xuddi butlarga ko‘rsatiladigan hurmat, hayrat, muhabbat bor ediki, bularning bari nafsilambirini aytganda, katta hasadni uyg‘otib yuborardi. Bu his-tuyg‘ularni esa shubhasiz Kortasar uyg‘otgandi.
12.02.1994.
Mexiko.

Rus tilidan Sherzod Komil Khalil tarjimasi


Рецензии