Ñáîðíèê ñòèõîâ Õ. Â. íà óçáåêñêîì. Íà ëàòûíè
Oydin qayinzor
(She‘riy to‘plam)
Xoldor Vulqon
Bahor oqshomi
(Zebo Mirzayevaga)
Ko‘z yoshday to‘kilar gilos gullari,
So‘nadi ufqlarda otashi so‘zon.
Halovat to‘shalgan bog‘ yo‘lagida,
Nafis oy shu‘lasi, go‘zal gul to‘zon.
Pag‘a pag‘a yog‘ar gilos gullari,
Qaldirg‘och uxlaydi tumshug‘ida loy.
Kul bilan yuvilgan chinni idishday,
Sokin xovuzlarga cho‘kib ketar oy.
13 may, 2014 yil.
Kunduz soat 10 dan 24 daqiqa o‘tdi.
Kanada.
Tungi daryo
Hademay yorishib ufqlar etagi,
Sabolar esadi sochingday mayin.
Darchadan sen yotgan uyga mo‘ralab,
Shovullayveradi shamolda qayin.
G‘ozlar chelagini g‘iytillatadi,
Bo‘g‘zidan to‘kilib sog‘inch unlari.
La‘lin lablaringda ochilar endi,
Tabassumning kuzgi atirgullari.
Olislab ketarkan surnaychi g‘ozlar.
Tungi o‘rmonlarning ustidan uchib.
G‘ozlarga pichirlab aytgancha vido,
Sen unsiz yig‘laysan yostiqni quchib.
Toshday yostiq uzra mayin sochlaring,
Yotgan mahal daryo kabi yoyilib.
Yo‘lakka yiqilar qayin soyasi,
Oyning shu‘lasiga toyilib.
7 dekabr, 2011 yil.
Kunduz soat 10 dan 20 daqiqa o‘tdi.
Toronto shahri, Kanada.
Bir nuqtaga termulgan odam
Junjikkan bekatda o‘ychan chehralar,
Salqin tonglar kabi musaffo tuyg‘u.
Borliqni savalar yomg‘ir qamchisi.
Olisda chaqnaydi ovozsiz qayg‘u.
Qaraysan, ko‘lmakda g‘amgin xalqalar,
Qoniqmas qaqragan dunyoning labi.
Bir paytlar eng sirli so‘zlaringni sen,
Shivirlarding menga yomg‘irlar kabi.
Quvirlar kekirib, yomg‘irlar tinar,
Oynadek yaltirar bog‘lar yo‘lagi.
G‘iyt - g‘iyt etar kuzgi g‘amgin osmonda,
G‘ozlar galasining bo‘m - bo‘sh chelagi.
9 iyulü, 2011 yil.
Tungi soat 2 dan 36 daqiqa o‘tdi.
Toronto shahri, Kanada.
Niyyat
Zulmat chirsillasa chirildoqlardan,
To‘lin oy to‘ymasa paykalga qarab.
Yag‘ir do‘pping kiyib, yelkangda ketmon,
Dalalarda yursang yolg‘iz, suv tarab.
Sokin uvotlarda bo‘zraysa fonar,
Xudo yulduzlarin sham kabi yoqsa.
Og‘zini lang ochib oydin dalalar,
Oyning qo‘rg‘oniga ag‘rayib boqsa.
Suvlar yaltirasa pushtalar aro,
Shabfaraklar uchsa shodon, ovozsiz.
O‘ltirsang porlagan oyga termulib.
Oddiy suvchi bo‘lsang, bo‘lsang savodsiz.
Shiypon tamondagi so‘rida yotsang,
G‘ir – g‘ir esaversa tungi shabada.
Uyg‘onsang to‘rg‘aylar chuldirayotgan,
O‘z ona yurtingda, tongi dalada.
7-avgust, 2010 yil.
Tungi soat 1 dan 56 daqiqa o‘tdi.
Toronto shahri, Kanada.
Uchrashuv
O shamol, men seni tanidim,
Bu sen, o‘sha dalada esgan.
G‘urrak g‘urillagan tolzorda,
Jazirama taftini kesgan.
Hamqishloqlar omonmi, shamol,
Unarmi el ekkan ziroat?
Otam yotgan mozor ustida,
Qamishlarmi qilar qiroat?
Qandingni ur, hur, ozod shamol,
Senga aslo kelmas xasadim.
Vatanimga uchirib ketgil,
She‘rlarimdan varrak yasadim.
Shamol, bormi daryo kechuvi,
Biz qo‘y, sigir haydab o‘tgan joy?
Yaltirarmi daryo suvlari,
Qo‘rg‘onlasa sukunatda oy?
Cho‘chqaxona haliyam bormi?
Shovullarmi teraklar hamon?
Yolg‘izoyoq so‘qmoq eltarmi,
Odamlarni sohillar tamon?
Balki bulut yirtig‘i aro,
Oy siynasi qolsa ochilib.
Oydin sholipoya suvida,
Ming -ming yulduz yotar sochilib.
Kechir unsiz ko‘z yoshim uchun,
Netay, mamlakatga sig‘madim.
Ummon orti, ulkan shaharda,
Shamol, seni tanib, yig‘ladim.
25 aprel, 2014 yil.
Kunduz soat 5 dan 0 daqiqa o‘tdi.
Kanada.
Tungi osmon
Kal deb hazillashganim uchun,
Ketib qoldi arazlagan oy.
Yulduzlar shu qadar ko‘pki, ularga,
Bepoyon osmonda yetishmaydi joy.
Ular soqov kabi imo ishora qilar,
Aytgan so‘zlarini qiyin anglamoq.
Birov artgan kabi yaltiraydilar,
Ularga yetti yot ishdir zanglamoq.
Shotut mevasiga o‘xshar yulduzlar,
Ularga uzoqdan xursand boqaman.
To tongacha dengiz, ummon suvlariga,
Pishgan yulduzlarni qoqaman.
26 aprel, 2014 yil.
Kech soat 7 dan 17 daqiqa o‘tdi.
Kanada.
Quvnoq odam
Men dunyoda yashaganim yo‘q,
Tayyorlandim halos o‘lishga.
Kulib o‘tdim, negaki, dunyo,
Arzimaydi xafa bo‘lishga.
Bug‘doy so‘zim bor edi mening,
Odamlarga yaxshi so‘z aytdim.
Ammo, o‘zim shirin so‘zga zor,
Xaqoratni orqalab qaytdim.
Osmon - tandir, yulduzlar cho‘g‘mi?
Nahot shu oy gijdali nonim?
Gandiraklar shirakayf el,
Musallasmi qip -qizil qonim?
Kulaversam otib qaxqaxa,
Mayli, meni telbaga yo‘ygin.
O‘lganimni eshitganingda,
Yig‘lamagin, jilmayib qo‘ygin.
7 aprel, 2014 yil.
Kech soat 5 dan 14 daqiqa o‘tdi.
Kanada.
Cho‘lquvar
Yoshligimda cho‘lquvar edim,
Quvar edim cho‘llarni yomon.
Cho‘llar mendan qo‘rqib qochardi,
Kulgim qistar eslasam hamon.
Quvmay desam uyqu bermasdi,
Quvarlikning muqaddas burchi,
Bo‘ronda ham quvlayverardim,
Ko‘zda qumning qalampir-murchi,
Bilsam bekor quvgan ekanman.
Daryolarda quridi suvlar.
Qasos dunyo ekan bu dunyo,
Bugun endi cho‘l meni quvlar.
1988 yil. Toshkent.
G‘amgin hazonlarga ko‘mildi yo‘llar
Qizg‘ish - sariq atlas ko‘ylaklarini,
Ohista yechmoqda hayolchan bog‘lar.
Men seni esladim, kimsasiz ko‘cha,
Kuzgi girvatlarga termulgan chog‘lar.
Tomosha bo‘lsada elga avrati,
Bodi izg‘irinda qolsa ham qaqshab,
Oppoq choyshab ichra uxlamoq uchun,
Daraxt yechinarkan ayolga o‘xshab.
Sen ham kezasanmi kuzgi bog‘larda,
Qo‘lingda xazondan za‘faron dasta.
Qushlarsiz xuvillab qolsa hiyobon,
Ilohiy sukunat qo‘nganda asta.
Yalong‘och novdalar ortidan porlab,
Darchangdan to‘lin oy mo‘ralagan payt,
Adashgan yo‘lovchi singari daydib,
Goho tushlaringa kiramanmi, ayt?
13 avgust, 2011 yil.
Kunduz soat 3 dan 23 minut o‘tdi.
Toronto shahri, Kanada.
Marhum shoirga
Yovlar otgan toshlarni chaqib,
Yeyaverding mag‘izlarini.
Hayron boqdi xandaklar senga,
Ochib tubsiz og‘izlarini.
Hamon og‘zin yopolmas o‘ra,
Sen shar uzra tinmay yugirding.
Son sanoqsiz sayyoralarni,
Tillo tasbex kabi o‘girding.
Amal qilding qonunga qat‘iy,
Qonun mangu, qoida qadim.
Ketar chog‘i porloq ruhingni,
Qilich kabi yalong‘ochlading.
Endi har yil mamlakat bo‘ylab,
Nishonlaymiz o‘lgan kuningni.
Tirik xandaklardan qutilib,
Quvonchlarga to‘lgan kuningni.
20 aprel, 2014 yil.
Kunduz soat 11 dan 21 daqiqa o‘tdi.
Kanada.
Bahor qo‘ng‘irog‘i
Shom qushlari ko‘targan shovqin,
Bog‘lar quloq pardasin yorar.
Botargoxda terak uchlari,
Qip -qizil cho‘g‘ singari yonar.
Quyosh ham tog‘ ortiga botdi,
Iskabtopar yig‘isi nayday.
Yaraqlaydi ko‘kda hazina,
Bu g‘aznaning sohibi qayda?
Oy dalalar ustida daydib.
Olislarda o‘zin xoritar.
Izlaringni izlab, sohildan,
Jarliklarning tubin yoritar.
Shabbodalar, uyqu elitgan,
Maysalarning mushugin silar.
Qurillatib baqalarini,
Bahor menga qo‘ng‘iroq qilar.
30 dekabr, 2011 yil.
Kunduz 11 dan 11 daqiqa o‘tdi.
Toronto shahri Kanada.
Bahor quvonchi
(Ismi o‘zbek milliarderi Alisher Usmonov sharafiga qo‘yilgan o‘g‘lim Alisher Usmonovga bag‘ishlanadi.)
Qara, o‘g‘lim!
Sen tishlab sindirolmagan
Toshday qattiq o‘rik danagi
Yashil tilin ko‘rsatganicha
Iljaymoqda bahorgi bog‘da.
Mana, sen ham iljaymoqdasan
O‘sha o‘rik danagi kabi!
21/04/2014.
Tongi soat 6 dan 31 daqiqa o‘tdi.
Kanada.
Muhojir
Ko‘zlarim sevgimiz ko‘milgan qabr,
Ko‘z yoshim ellik yil saqlangan boda.
Turnalar faryodi olislab ketgach,
So‘ppayib qoldimku yetim dunyoda.
Endi zulmatlarda bo‘zlaydi shamol,
Yalong‘och novdalar chaladi burg‘u.
Isiriq tutatar bog‘da tiyramox,
Ilohiy shovqinga yomg‘irlar urg‘u.
Sovuq ham kuchayar endi begumon,
Qalin qor qoplaydi o‘rmonni demak.
Tumanda turtinib, qorlarga botib,
Tongda bo‘rsiqlarga eltiyman yemak.
5 avgust, 2011 yil.
Tungi soat 11 dan 52 minut o‘tdi.
Toronto shahri, Kanada.
Xovuz
Oydin osmon seyfi lang ochiq,
Yulduzlar - hazina, oy -sariq chaqa.
Xovuzda ko‘zagul g‘unchasi yopiq,
O‘ltirar zangori yaproqda baqa.
Yulduzlar baqadan qo‘rqadi yomon,
Olov sovuq suvdan qo‘rqqanday xuddi.
Tilini uzatib osmonlar tamon,
Baqa bir yulduzni yamlamay yutdi.
So‘ng yana birini, keyin boshqasin,
Yutaverdi olmos chivinday tutib.
Oy g‘arbga berkindi chiqarmay sasin,
Baqaning xovuzga sho‘ng‘ishin kutib.
Hayratdan ko‘zagul g‘unchasin ochdi,
Osmonda bitta ham qolmadi yulduz.
Zulmat daraxtzorlar ortiga qochdi,
Uyg‘onib kerishdi uyquchi kunduz.
12 mart, 2014 yil.
Kunduz soat 2 dan 25 daqiqa o‘tdi.
Kanada.
Haykal
Bu dunyoda yashamoq yaxshi,
Ammo bir kun ketish yomonda.
O‘lsam, balki kakku qush bo‘lib,
Oh chekarman sohil tomonda.
G‘uvillarman qora yulg‘unday,
Shamollarning bandargoxida,
Sayr etarman qo‘nib, kekkayib,
O‘tlab yurgan sigir shoxida.
Ninachiga aylan desa Haq,
Bo‘ysunarman, so‘zsiz ko‘narman.
Uchib, uchib, botish yoqlarda,
Qamishlarga xorg‘in qo‘narman.
Shovullasam, shamolga do‘nsam,
Balki hech kim qo‘yolmas tuzoq.
Yomg‘ir bo‘lib tunlar tongacha,
Derazangni tirnayman uzoq.
Sizib chiqar yurakdan so‘zyosh,
O‘yga botar sarvu sumanlar,
Xotirangni qoplaydimi yor,
Biz o‘pishgan quyuq tumanlar?
Tumanlarda qolgandir balki,
Kuzgi bog‘im, poliz, paykalim.
Poxol sochli yolg‘iz qo‘riqchi,
Yomg‘irlarda qolgan haykalim.
26 mart, 2014 yil.
Kech soat 5 dan 12 daqiqa o‘tdi.
Kanada.
Oy bilan suhbat
Hadeb derazamdan qarayverma oy.
Qolmadimi odob, hayo va sharming?
Sendan berkingali topolmayman joy,
Kim seni kemtidi, nega yo‘q yarming?
Boshqa derazalar ketganmi qurib,
Boqsangchi qoraygan qo‘shni darchaga?
Ko‘rpaga o‘ranib, uyquni urib,
El xurrak otmoqda, qattiq charchagan.
Soching ham to‘kilib ketibdi butkul,
Archilgan tuxumday yaltirar boshing.
Tonglarni sog‘insang quyoshni kutgil,
Miltillatma yulduz - achchiq ko‘z yoshing.
Yo‘q-yo‘q ko‘z yosh emas, yonarqurt alar,
Balki xasharotdir, qo‘ng‘iz yo so‘na.
Ular nigogihimni chivinday talar,
Jig‘imga tegma oy, bu yerdan jo‘na!..
Oy qo‘rqib ketdimi, bilmam, harqalay,
Chekindi aylanib yarim yortiga.
So‘ng asta berkindi misoli g‘ilay,
Kuygan bulutlarning ortiga.
13 mart, 2014 yil.
Kech soat 7 dan 35 daqiqa o‘tdi.
Kanada.
Xovlimizni sog‘inib
Balki hozir O‘zbekistonda,
Tun oyoqlab, tong ham otgandir.
Xovlimizda odam bo‘yi Talxa,
Burgan o‘tlar o‘sib yotgandir.
Shovullardi teraklar qanday,
Esgan mahal toza shamollar.
Tushlarimga kiradi daryo,
Cho‘chqaxona, sohil tamonlar.
Nurab yotar balki ruhimdek,
O‘zim urgan paxsa devor, tosh.
Ulfatlarim, do‘stlarim balki,
Eslar meni ko‘zlarida yosh.
Kutubxonam, kitoblarimni,
Tugatgandir sichqonlar yamlab.
Qolgan -qutgan qo‘lyozmalarni,
Qo‘yishgandir qishlikka g‘amlab.
Qanday chopar eding "Tsezarü",
Sen o‘ngmiding va yoki ro‘yo?
Hazillashib tashlanib qolsang,
Kurashardik sher bilan go‘yo.
Osmas edik bo‘yninga zanjir,
Ozod o‘tdi bahoru yozing.
Qancha yillar o‘tgan bo‘lsa ham,
Sog‘inaman hanuz ovozing.
Kechir, seni tashlab ketdik biz,
Derlar buni qismat va taqdir.
Itdek daydib yuribman men ham,
Bu ham balki hikmati Haqdir.
O‘lganingdan keyin ham hatto,
Qolsang hamki yolg‘iz va yetim,
Sen yotibsan yong‘oq ostida,
Xovlimizni qo‘riqlab, itim.
11 mart, 2014 yil.
Kunduz soat 12 dan 45 daqiqa o‘tdi.
Kanada.
Sozanda
Sartaroshmi aqldan ozib,
Ustarada qorlar kuragan?
Qitirlatib she‘r yozar yomg‘ir,
Devor bo‘lka nonmi nuragan?
Shoirman der anavi kimsa,
Bo‘lmasa ham bironta she‘ri.
Sirg‘aladi tumanda ulkan,
Doiraga tortilgan teri.
Tarvaqaylab borar shoxlari,
Daraxt bug‘u ekanku, qarang.
Shitirlagan, sirli tumanda,
Yomg‘irli bog‘ ko‘rinar arang.
Shishaverar shamol yelkani,
Hayot go‘zal, chor atrof chaman.
To‘lin oyni shodlanib chalar,
Xoldor Vulqon degan bir shaman.
Dandala didan -dindala didan!
Dandala didan -dindala didan!
10 mart, 2014 yil.
Sahar soat 6 dan 18 daqiqa o‘tdi.
Kanada.
Oydin oqshomlarni sog‘inib
Xovlimizda endi kuzgacha,
O‘sar balki burgan, sho‘ralar.
Xuvillagan xonamga tunda,
Oy darchadan g‘amgin mo‘ralar.
Baqalarning olis shiviri,
Mayus porlar ayvonda chiroq.
Yulduz zulmat bag‘rin tilkalab,
Uchgan joylar hijron va firoq.
Shamol essa, xayol gilosning,
Gullariday ketardi to‘zib.
Boqar edi chetan devordan,
Gullar nozik bo‘ynini cho‘zib.
O‘t -o‘lanlar ichra chekib oh,
Chirildoqlar chirillar edi.
Do‘stlar, meni ummon ortida,
Chidab bo‘lmas sog‘inchlar yedi.
7 mart, 2014 yil.
Tungi soat 1 dan 17 daqiqa o‘tdi.
Kanada.
Qish
Yog‘ar yalqov tungi laylakqor,
O‘yga botar ko‘cha chirog‘i.
Kim biladi, balki uni ham,
Qiynar yorning hajru firog‘i.
Qorli kecha yozuvsiz qog‘oz,
Undan izlab yurmagin xato.
Qor ostida qolgan dalalar,
Rassom rasm chizmagan mato.
Yo Rab, bu ne oysiz oydinlik,
Shuuringni sukunat chulg‘ar.
Boqsang, ko‘zing uzoqlardagi,
Narsalarni be‘malol ilg‘ar.
Uylar uxlar chirog‘i o‘chik,
O‘yilgan ko‘z singari romi.
Dov -daraxtlar qordan egilgan,
Kuralmagan uylarning tomi.
Men yotibman xonamda yolg‘iz,
Kiyimimni kelmaydi yechgim.
G‘ijirlamas bu qorli yo‘llar,
Meni yo‘qlab kelmaydi hech kim.
Eritolmas endi hech narsa,
Ko‘zlarimda muzlagan yoshni.
Qor tobora qalinroq qoplar,
Nomim bitib qo‘yilgan toshni.
10 aprel,2014 yil.
Kech soat 9 dan 42 daqiqa o‘tdi.
Kanada.
Vatan hajri
Bir o‘zi o‘ynagan yetim shamolday,
Javzo dalasida tentirab esdim.
Yulg‘unli sohillar tamon eltguvchi,
Yo‘llar oyog‘ini qilichsiz kesdim.
Bolalik, berkindi sohil tamondagi,
Kakkular xasratli sayragan joyga.
Oshpaz xotin baland do‘nglikka chiqib,
Hamon odamlarni chaqirar choyga.
Qushlar shovqinidan qulog‘ing bitar,
Chiroqdan yorishar uylar qovog‘i.
Sholipoyalarning shaffof suviga,
Cho‘kib ketar oyning singan tovog‘i.
Eh, ona qishlog‘im, ota makonim,
Yaqinsan, sen menga juda yaqinsan.
Baqalar qurillab shovla qaynatguvchi,
Ufqlarda chaqnagan unsiz chaqinsan.
20 yanvar, 2014 yil.
Kunduz soat 1 dan 43 daqiqa o‘tdi.
Kanada.
Yomg‘ir
(Yoniq yorg‘in shoira Halima Ahmedovaga bag‘ishlanadi)
Keldi uzoq kutilgan ko‘klam,
Chirib ketdi qorlar kafani,
O‘zi yum -yum pichirlab yig‘lab,
Ovutadi yomg‘ir xafani.
Aylantirar yo‘lni ko‘zguga,
Yarqiraydi yuvilgan taksi.
Ko‘lmaklarda esdan ayrilgan,
Dov -daraxning parishon aksi.
Derazangdan yo‘llarga boqib,
Choy ichasan, sutli, asalli.
Yarqiratib ruhing oynasin,
Yomg‘ir senga berar tasalli.
Odam to‘la oynaband bekat,
Yo‘lga boqar nenidir o‘ylab,
Kezging kelar bir o‘zing yolg‘iz,
Dardlaringni yomg‘irga so‘ylab.
Yomg‘ir qushmi,tun bo‘yi tinmay,
Derazangni tirnab, cho‘qiydi.
Hozirgina yozgan she‘ringni,
U pichirlab, yig‘lab o‘qiydi.
4 aprel, 2014 yil.
Kech soat 5 dan 1 daqiqa o‘tdi.
Kanada.
Tun haqida
1
Tun shivirlamaydi.
U faqat chinqiradi.
Shunday chinqiradiki,
Quloq pardalaring yirtilib,
Qonab ketar edi eshitganingda.
2
Tun paranji - chimmatsiz
Qip - yalong‘och yotgan qop -qora juvon
Uning sirlari ko‘p go‘zaldan - go‘zal.
Lekin go‘zal emas hamma sirlari.
Tunni hatto
Telbalarcha sevish ham mumkin
Faqat pinxona...
Kunduzga sezdirmasdan deganday...
3
G‘ajishga urinma yulduzlarni sen.
Negaki, yulduzlar
Sen o‘ylaganinchalik kichkina emas.
Ular ham o‘ziga hos katta.
Shu qadar kattaki,
Ularni g‘ajib tashlash uchun
Bilasanmi, exheyeeyey!..
Hech bo‘lmasa, senga
Koinotday og‘iz,
Meteoritdan yasalgan, o‘ta mustaxkam
Tishlar kerak bo‘lar o‘tkirroq.
4
Neandertal odamga o‘xshab,
Derazangdan qovoq uyib qaraganingcha
Hayollarga botasan.
Rashk o‘tida yonasan
Sevgiling to‘lg‘onib
Tunlarning qo‘ynida yotgani mahal.
Tun esa - ayol.
5
Qitmirliging qo‘zib, darrov,
Tunni o‘zinga o‘xshatib
Transvist, germofradit deysan.
Unda nega onang ham,
Singling ham, qizing ham
O‘zing ham yotibsan tunning qo‘ynida?
6
Uyg‘on, galvars, tun qo‘ynidan chiq!
1993 yil, Andijon.
Yurt sog‘inchi
Bir soat ichida qaridi dunyo,
Yosh turib sochlaring oqardi yanvarü.
Jilmayar tahayyul tumanlarida,
Lablari atirgul, sochlari anbar.
Qorli o‘rmonlarga, yo‘llarga boqsam,
Ko‘zda qaltiraydi, qalqiydi ashkim.
Kimlardir Vatanni sevaman deydi,
Undaylarga mening keladi rashkim.
Daraxtlar yugirar tepaliklarda,
Oppoq uchqunlarni to‘zg‘itganda yel.
Bahor keldi, muzni yorib chiq! - deya,
Yana boychechakni aldaydi aprelü.
Men endi mushtlashib qovoqxonada,
Aroqqa cho‘kmayman hasratga to‘lsam.
Qaniydi Vatanda, qorli dalada,
Qartaygan jiydani quchoqlab o‘lsam.
Daydi shoir o‘ldi - deya odamlar,
Ko‘mishsa, ustimdan tortishsa tuproq.
Bilaman, xonanga qamalib olib,
Sen o‘zing yig‘laysan hammadan ko‘proq.
1 dekabrü, 2012 yil.
Kunduz soat 2 dan 12 minut o‘tdi.
Kembridj shahri, Kanada.
Kuzgi oynalarning unsiz ko‘z yoshi
Avjlanadi za‘far inqiroz,
Maosh olmas daraxtlar oylab.
O‘tmay qolgan "Pul"larni farrosh,
Olib ketar qoplarga joylab.
Chayqaladi shamollarda mast,
Ustu boshsiz, yalong‘och, karaxt.
Sevgimizga guvox sohilda,
Yolg‘iz qolgan qadrdon daraxt.
Savalaydi yomg‘ir xivichi,
Qarar o‘ychan tabiat romdan.
Shovqin solib yomg‘ir suvlari,
Tushgan mahal sharillab tomdan.
Termulaman sen ketgan yo‘lga,
Derazadan misoli ro‘yo.
Sharsharalar ortida qolgan,
Ibtidoiy odamday go‘yo.
Soyaboning chertadi yomg‘ir.
Erib borar izlaringda qum.
Sen ketasan, g‘amgin oynalar,
Odam kabi yig‘laydi yum - yum.
31 iyul, 2011 yil.
Kunduz soat 1 dan 29 minut o‘tdi.
Toronto shahri, Kanada.
Daydi
Oqshom, ko‘zim kovaklariga,
Iztirobning qushi in qurar.
Singigancha zulmat qa‘riga,
Uzoqlarda poyezd chinqirar.
Yulduzlarga boqadi o‘tloq,
Chigirtkani to‘lin oy anglar.
Suzib kelar hayol kemasi,
Oy langari sohilda zanglar.
Sag‘ir sevgim sig‘magan Dunda,
She‘rlar bitsa arziydi yuzlab -
Deb daydidim ayozli tunda,
Ko‘z yoshlarim qolguncha muzlab.
2008 yil, kuz. Toronto shahri Kanada.
Olis oqshomlar
Darchalarda botish shu‘lasi,
Balki eshik turar ochilib.
G‘amgin shu‘la to‘shalgan polda,
Kitoblarim yotar sochilib.
Cho‘chqaxona tamonda balki,
Paxtazor jim sukutga cho‘mar.
Yum - yum yig‘lab iskabtoparlar,
Shom hasratin sohilga ko‘mar.
Yulg‘un o‘sgan jarlar ustidan,
Asta sekin ko‘tarilar oy.
Yorishadi mening lablarim,
Lablaringa muhr bosgan joy.
Idish yuvib ariq bo‘yida,
U damlarni eslasang gohi.
Gulzoringda chigirtka bo‘lib,
Chirillaydi sevgi arvoxi.
9 aprelü, 2011 yil.
Kunduz soat 3 dan 35 minut o‘tdi.
Toronto shahri, Kanada.
Kimsasiz yo‘llarda
Suvga cho‘kib ketdi bulutlar,
Ko‘rib kuzgi gullar ibosin.
Qirg‘oqlarda yalong‘och tollar,
Suv oqizar bog‘lar libosin.
Chumchuqlarning telba galasi,
Shiddat bilan uchar qaygadir.
Balki daryo sohillarida,
Sholi pishib yotgan joygadir?
Ko‘prik uzra yolg‘iz yo‘lovchi,
Termuladi suvga, ariqqa.
Kezar ma‘yus, o‘ychan qari kuz,
Sochlarini bo‘yab sariqqa.
26 avgust, 2010 yil.
Kunduz soat 10 dan 58 daqiqa o‘tdi.
Toronto shahri, Kanada.
Zulmatlarda uchqunlaydi qor
Bu xazon, ko‘zlari ojiz oshiqning
Qo‘lidagi o‘qilmagan xat.
Kimsasizlik, sukunat balki,
So‘zsiz qo‘shig‘idir soqov hofizning.
Men bo‘lsam,
Kuzgi dalalarda, tungi zulmatda
Yolg‘iz uvlayotgan qora shamolman.
Sen pastak deraza yonida,
Qirovli gulzorda bulbulni kutib,
Muzlab qolgan atirgulmisan?
Chirpirab uchayotgan qor uchqunlarichi?
Yorug‘ oynalarga talpinayotgan
Son - sanoqsiz oppoq parvonalarmi?..
Aytgil, nima uchun va kimga boqib
Sochlari quvv oqardi qishning?
20 avgust, 2012 yil.
Kunduz soat 3 dan 20 minut o‘tdi.
Toronto shahri, Kanada.
Nazar Eshonqulga
Azim teraklarda qushlar shovqini,
Bug‘doyzor tamonda hangraydi eshak.
Tolzorda dong qotib uxlasa dexqon,
Chimzorlarda beg‘am gullaydi pechak.
Bog‘lar yelkanini to‘ldirgan shamol,
Hasratli sayragan popishakmidi?
Dala yo‘llarida daydi kapalak,
Ketmonda chopilgan giyoxlar xidi...
Tungi shahri azim, sokin yolg‘izlik,
Ko‘zlarim yig‘laydi, qo‘llarim yozar.
Tashqarida shamol shopirgan qorlar,
Zulmatda chirpirab aqldan ozar.
Qorlar to‘zonida ko‘rinmaydi yo‘l,
Yo‘lovchi ildamlab ketolmas sira.
Xotiramda qorli dala sog‘inchi,
Ko‘cha fonusiday porlaydi xira.
31 yanvar, 2013 yil.
Kunduz soat 10 dan 34 minut o‘tdi.
Kembridj shahri, Kanada.
Yurak
Men charchab uxlayman, uxlaydi shahar,
Chaqmoq ham uxlaydi, uxlar guldirak.
Lekin sen umrbod ta‘tilga chiqmay,
Tinimsiz ishlaysan ko‘ksimda, yurak.
Mana ellik yilki, doim birgamiz,
Sen bilan tug‘ildim, sen bilan o‘sdim.
Bunday o‘ylab ko‘rsam, yovuz dunyoda,
Sen o‘zing ekansan eng yaqin do‘stim.
Seni ko‘p qiynadim, mendan rozi bo‘l,
Ey shoir yuragim, sen meni kechir!
Soqiy bo‘lib, sunib, sog‘ligim uchun,
Vujudimga qizil qonimdan ichir.
Goho qasr bo‘lding, gohida zindon,
Seni yenglomadi, g‘ariblik, g‘urbat.
Ey, ummon ortida Xoldor Vulqonning,
Muhabbati dafn etilgan turbat!
14 avgust, 2011 yil.
Kunduz soat 2 dan 35 minut o‘tdi.
Toronto shahri, Kanada. Ramozoni sharif.
Tashqarida
(Bu she‘r xalqimizning eng sevikli shoirlaridan biri
Eshqobil Shukurga bag‘ishlanadi)
Bir xil tovush bilan chiqillab,
Aylanardi devorda urchuq.
Oynalar ortida, kuzgi zulmatda,
Yomg‘irlar chalganda davomli qarsak.
Men toza havodan nafas olay deb,
Tashqariga chiqdim.
Chiqmasam ham bo‘lar ekan, Eshqobil,
Chunki,
Dunyoning qorong‘u bachadonida
Qonli o‘qiga buvak yillarning
Kindik ichaklari o‘ralayotgan
Cheksiz va mangu
Mahobatli urchuqni ko‘rdim...
Qaytib kirgim kelmas xonamga,
Chunki,
Chiqillab aylanar devorda urchuq...
30 iyulü, 2012 yil.
Kunduz soat 10 dan 17 minut o‘tdi.
Toronto shahri, Kanada.
Sohillarni sog‘ingan ko‘ngil
To‘rg‘ay bo‘lsam dalalar uzra,
Tinmas edim muallaq sayrab.
Jilmaygancha qararding bir zum,
Ko‘zga kafting soyabon aylab.
Aylansaydim tipratikonga,
Men Vatandan ketmasdim badar.
Oy yoritgan xovlingda yolg‘iz,
Chopar edim to tonga qadar.
Olislarda porlar chirog‘ing,
O‘rtamizda yig‘laydi quvg‘in.
Biz uchrashgan dalada endi,
G‘uvillaydi qop – qora yulg‘un.
Hayol uchar ukkiday unsiz,
Sevgi mangu berkingan joyga.
Termulaman darchadan yolg‘iz,
Hayollari parishon oyga.
Tun - qop – qora, yalong‘och juvon,
Unda yo‘qdir hayo va sharm.
Sohillarni g‘amgin yoritgan,
Oy ko‘nglimiz singari yarim.
19 iyunü, 2011 yil, yakshanba.
Kundaz soat 10 dan 57 minut o‘tdi.
Toronto shahri, Kanada.
Masofa
Kulrang osmon kulmadi yana,
Yog‘averib yomg‘ir charchadi.
Bu kuz bilmam qachon mag‘ribda,
Oyni tuxum kabi archadi.
Ko‘zlarimga joylaydi ayoz,
Tumanlarning unsiz nolasin.
Kitoblarning varaqlaridan,
Axtardim men soching tolasin.
Uyim vagon singari oddiy,
Uzoqlashar poyezddek yillar.
Gudok chalar, olisda, sog‘inch,
Chinqirgandek sohilda fillar.
23 iyunü, 2011 yil.
Kech soat 5 dan 14 minut o‘tdi.
Toronto shahri, Kanada.
USMON AZIMGA
So‘zsiz hayr derman endi extimol,
Tumanda terakni do‘stimday quchib.
Bu yerlar shimoliy qutbdek sovuq,
Bir kun janublarga ketarman uchib.
Bahoriy ufqlarda soqov chaqmoqlar,
Netay, qoliplarga, romga sig‘madim -
Deya ko‘z yosh kabi iliq shomlarda,
Bahorga qo‘shilib unsiz yig‘ladim.
Bo‘g‘zimgacha botib ketibman qumga,
Ko‘zim - suvga to‘lgan dengiz o‘zani.
Suvsizlikdan labi qaqragan Vatan,
Ko‘zlarimga botir ko‘zani...
30 yanvar, 2013 yil.
Kunduz soat 10 dan 51 minut o‘tdi.
Kembridj shahri, Kanada.
Birinchi qor
Oppoq sukunatga termulib tongda,
Angraygancha tildan qolibdi bog‘lar.
Qor yuki egibdi daraxtlar qaddin,
Qaxrli qag‘illar tumanda zog‘lar.
Baqirmay sekinroq qag‘illasa ham,
Eshitaman axir, emasman garang.
Qor bilan qoplangan daraxt shoxlari,
Bug‘u mo‘ngiziga o‘xshaydi, qarang!
Kimdir qo‘rg‘onida haykaltaroshday,
Qordan yumaloqlab, qorbobo yasar.
Muvaqqat bo‘lsada, shu chelak kiygan,
Qorbobo dunyoda eng buyuk asar!
Daraxtlarning qorli kapasi o‘ychan,
Kiygan oq po‘stini tersmi yo o‘ngi.
Bu oppoq tahayyur, bu musaffo qor,
Kimgadir birinchi, kimgadir so‘ngi...
Poyingda tishlarin g‘ijirlatar qor,
Hech kim halal bermas hayollar sursang.
Yo‘lovchi ranjimas, jilmayib qo‘yar,
Qulochkashlab turib, qor bilan ursang.
9 yanvar, 2013 yil.
Tungi soat 8 dan 17 daqiqa o‘tdi.
Kembridj shahri, Kanada.
Don Mills
Dala etagida qadimiy quyosh,
Qizarar qontalash jaroxat kabi.
Suvning badaniga tegib cho‘lpillab,
Bir azim daryoning qaqraydi labi.
Qiyillab, chiyillab uchgan qushlarning,
Shovqin - suroniga muxtoj emas ul.
Bu daryo suvida oqadi sokin,
Bulbul tushlariga kirgan atirgul.
Bu azim daryoning sohillari yo‘q,
To‘lqinlari tuya, tubsiz, o‘zansiz.
Shunday daryolar ham bo‘larkan, yo Rab,
Oydin to‘qaylarsiz, Tulki, Ko‘zansiz.
Bo‘yniga eng og‘ir toshlarni bog‘lab,
G‘arq bo‘lgisi kelar har kimning, axir.
G‘arq bo‘lgan chog‘imda qurib qolma, ey,
Fredrik Shopen deb atalgan nahr!
Don Mills parklarida kezaman yolg‘iz,
Minmayman shaytonning arobasini.
O‘rmonlar ortidan ko‘tarilgan oy,
Yoritar ko‘nglimning xarobasini.
25 iyunü, 2011 yil.
Tungi soat 10 dan 40 minut o‘tdi.
Toronto shahri, Kanada.
Singlim Anoraga
G‘urbat sahrosining barxanlarida,
Men seni eslayman, kunda, kun ora.
Jilmayib yig‘lovchi, yig‘lab jilmayguvchi,
Mening yuvoshgina singlim, Anora.
Subhi sodiq mahal taqirlatsalar,
Tomlar tunikasin yomg‘irlar cho‘qib.
O‘ltirarsan balki mehrobda yolg‘iz,
So‘lim sukunatda nomozing o‘qib.
Salqin ko‘chalarda yuzlaring kesar,
Ko‘z yoshlar suyulgan olmosday oqib.
Ovozsiz yig‘larsan huvillab yotgan,
Akangning kimsasiz uyiga boqib.
Ko‘z yoshing bebaho dur kabi asra,
Tinsin kuzgi suvlar singari asab.
Daydi shoir akang xovlisida kuz,
Yursin yaproqlardan gerbariy yasab.
6 avgust, 2010 yil.
Kunduz soat 8 dan 4 daqiqa o‘tdi.
Toronto shahri, Kanada.
Shahar yomg‘iri
Vishillaydi yomg‘ir iloni,
Havo giyox xidiga to‘ldi.
Bulutlarning uvadasiga,
Chaqmoqdan o‘t ketmasa bo‘ldi.
Shitirlaydi sehrli tovush,
Yo‘lga boqar mo‘ltaygan chiroq.
Qax -qax urib kular guldurak,
Yomg‘ir yum -yum yig‘laydi biroq.
Soqiy osmon quygan xos sharob,
Lolalarga to‘ldi, suzildi.
Bosib ketdi mashina yo‘lni,
Yo‘l sho‘rlikning joni uzildi.
Yomg‘ir tinar, yuksalib, ko‘kda,
Tovlanadi bahaybat kamon.
Osilgancha shamol dumiga,
Uchib ketgim kelar sen tamon.
19 iyunü, 2008 yil. Kech soat 8 dan 56 minut o‘tdi.
Toronto shaxri. Kanada.
Kuzgi Toronto
Caxro kabi sarg‘aydi bog‘lar,
Telba shamol nayladi, netdi?
Mening g‘amgin she‘rlarim qolib,
Hazonlarni uchirib ketdi.
Yog‘averdi yomg‘ir maydalab,
Shivirladi soyabon qo‘lda.
Ketaverdim yaltirab yotgan,
Poyoni yo‘q, kimsasiz yo‘lda.
Shu ketgancha yuksalsam ko‘kka,
Qolsa yerda qoraygan po‘stim.
Yig‘larmikin kuzgi yomg‘irdek,
Men umrimda ko‘rmagan do‘stim.
2009 yil, 30 oktyabrü.
Kunduz soat 4 dan 49 minut o‘tdi.
Toronto shahri, Kanada.
Kuzgi daraxt
Uchib ketgach janubga g‘ozlar,
Keng dalalar qolganda bo‘shab,
Sen nelarni o‘ylaysan daraxt,
Xazonlarni poyinga to‘shab?
Shoxlaringda musofir qushlar,
Chax – chax sayrab qurganmi inlar?
Oyni tarang chirmanda qilib,
Chalganmi, ayt, tegrangda jinlar?
Naylar yasab suyaklaringdan,
Soz chalganmi mahzun, purnavo.
Shovullasang shamol shashtida,
Zumrad quvonch, yam- yashil havo!
Termulaman senga uzoqdan,
Ayozlarda hasratga to‘lsang.
Yalinmaysan, yashaysan mag‘rur,
Va tik turib o‘larsan, o‘lsang!
5 noyabrü, 2009 yil, Tong.
Toronto shahri, Kanada.
Robinzon
Makonim shu, kimsasiz orol,
Kemalarning yo‘liga boqdim.
Odimladim misoli qirol,
Qirg‘oqlarda gulxanlar yoqdim.
Ummonlarga termuldi ko‘zim,
HAQ, menga ham muruvvat ayla!
Sohillarda yolg‘iz bir o‘zim,
Qurdim qamish – quroqdan chayla.
Xo‘rliklarning borday chalasi,
Bog‘ni payxon etibdi echkim.
Uchar rangli to‘ti galasi,
Hayqiraman, eshitmas hech kim.
Yulduzli tun bayroqmi qaro?
Oy ham undan ketmaydi nari.
Uxlar havo ummoni aro,
Kosmosdagi orol – Yer shari.
19 iyunü,
2010 yil. Kunduz soat 2 dan 44 daqiqa o‘tdi.
Toronto shahri kanada.
Yo‘lchivin
(Bo‘shliq manzarasi)
Muqaddas xandaklar ustida minglab,
Chevar o‘rgimchaklar to‘qiydi kashta.
Aqldan ozasan jimlikni tinglab,
Ne bor u davrada, bo‘shliqda, dashtda?
Yirtig‘i hayxotdek ro‘molcha bilan,
Yig‘lab bormoqdasan, do‘stim qayonlar?
Osmonga qo‘l cho‘zib Xudodan tilan,
O‘ziga nish urib o‘lsin chayonlar.
Oxurda uxlama, uyg‘ongil, yetar,
Yovlar ko‘rinsa ham ko‘zinga do‘stdak.
Xademay yomg‘irlar qiyshayib ketar,
Qovjirar maysazor - yam - yashil po‘stak.
Qor desanti endi yog‘ar begumon,
Sen uzoq yig‘laysan qo‘lingda lungi.
Quyuqlashar sovuq zulmatli tuman,
Bayroqday xilpirar zaminning yungi.
26 avgust, 2010 yil.
Tungi soat 10 dan 13 daqiqa ?tdi.
Toronto shahri, Kanada.
Tazarru
Men osmonni ikkiqat debman,
Kechiringlar, yettiqat ekan.
Sanchilar deb bulutlar, qo‘rqar,
Iyagimda o‘stirsam tikan.
Kechiringlar, mening ko‘zimga,
Ko‘rinibdi misoli bezak.
Sigirlarning nodir asari,
Atirgulga o‘xshagan tezak.
Uzr, pisand etmagan bo‘lsam,
Nazokatli kimsalar didin.
Ustun qo‘yib Farang mushkidan
Daladagi Burganlar xidin.
Ma‘zur tuting, o‘xshasa agar,
Barmoqlarim semiz qurtlarga.
Va kuzatsam sizdan beruxsat,
Turnalarni olis yurtlarga.
Uzr, odam xisoblab sizni.
Borgan bo‘lsam ba‘zan topinib.
Xayr endi, Vaqt kech bo‘ldi,
Men uxlayin yerni yopinib.
Kuzatish
Jilmaygancha ko‘z yoshlaringni,
Yashirasan, aldab netasan?
Men perronda qolaman yolg‘iz,
Sen poyezdda yig‘lab ketasan.
Jiqqa yoshga to‘lgan ko‘z bilan,
Yo‘l olasan uzoq ellarga.
Yugiraman poyezd ortidan,
So‘zlar uchar sovuq yellarga.
Chirpiraydi poyimda xazon,
Dekabrning bodlari yelar
Xuvillagan perronda turib,
Poyezd kabi chinqirgim kelar.
1992 yil , dekabrü , Toshkent Talabalar shaharchasi
Kembridj
Yomg‘ir o‘sha - o‘sha, shamol ham o‘sha,
Tonglar bir xil otar, ufq rangi o‘chib.
Tumanlar ham xuddi vatandagiday,
Demak, men hech qayga ketmabman ko‘chib.
Ammo tabassuming kabi ma‘yus kuz,
Daraxtlar hasratli qaraydi menga.
Sen botish yoqlarda, qaro shomlarda,
Yo‘lga termulasan sog‘inchni yenga.
Bog‘larda ivirsib yurgan shamollar,
Shamolmas, sevgimiz arvoxi, yodi.
Osmon etagida olislayotgan -
G‘ozlar galasining bo‘g‘iq faryodi.
Chirpirab o‘ynaydi telba girdibod,
Yo‘lda xazonlarning lo‘licha raqsi.
Keladi hademay musavvir ayoz,
Aks etar oynada o‘rmonlar naqshi.
Odamlardan bezgan ozurda bir jon,
Tentirar, bilmaysan uning kimligin.
Unga kerak sokin, kimsasiz yo‘llar,
U sevar qor bosgan dala jimligin.
Hademay so‘kilar bulut qoplagan,
Mangu va bepoyon osmonning choki.
Odamlar quvonar osmonga boqib,
Yog‘sa pag‘a - pag‘a ajdodlar hoki.
8 o‘ktobr, 2012 yil.
Kechki soat 6 dan 48 daqiqa o‘tdi.
Kembridj shahri, Kanada.
Otamga maktub
Qo‘nolmay uchadi kuzgi chumchuqlar,
Gala – gala bo‘lib girdibodimda.
Daryo, sholipoya, xayqirgan dexqon,
Sohil jarliklari hamon yodimda.
Ota, o‘zing betob yotganingda ham,
Doim farzandlaring g‘amini yeysan.
Tuzalsam, poshshodan - o‘g‘limni yurtga,
Qaytaringlar deya so‘rayman – deysan.
Qo‘ylar oxuriga solarsan pichan,
Shoshilmay odimlab, qo‘lingda xassa.
Sandalda yotarsan kitobim o‘qib,
Tumanli bog‘larni qirovlar bossa.
Gohida sohilga borarsan yolg‘iz,
Izlaring yomg‘irli yo‘llarda ivir.
Men esa xorigan mudroq shaharda,
Soyaday bukchayib yozaman shivir.
2009 yil, 15 may. Kunduz soat 12 dan 45 minut o‘tdi.
Poyafzallar faryodi
Ko‘kda bulutlarning yirtiq po‘stagi,
Ruhimda sog‘inchga o‘xshash kechinma.
Senga nima bo‘ldi, hayosiz daraxt?
Mening ko‘z o‘ngimda bunday yechinma!
Dala so‘qmog‘ida yolg‘iz yo‘lovchi,
Uning kimligini qayoqdan anglay.
Bo‘ynimga chirmashar yillar iloni,
Osmon – tanglay, qaro shudgorlar – manglay.
Yomg‘irlar mushugi oynani tirnar,
Bo‘ysunmas vujudga maymaygan poyam.
Tuyoqlarga o‘xshar tuflilar, yo, Rab,
Nega yig‘layapsan, bukchaygan soyam?
Majnuntol kokilin o‘rganda shamol,
Chittaklar o‘qirdi bog‘larda bayoz.
Olmos oynalarga endi, extimol,
Muzdan asar ishlar musavvir ayoz.
Fonar shu‘lasida qor qo‘zg‘aloni,
Shamollar borliqni varaqlab o‘qir.
Zexnlari o‘tkir, tirishqoq, lekin,
Sho‘rlik shamollarning ko‘zlari so‘qir.
Muvaqqat dunyodan o‘tib boramiz,
Loqayd zulmatlarda charog‘on kunsiz.
Tilsiz poyafzallar ostonalarda,
Og‘zin ka – a – atta ochib yig‘laydi unsiz.
5 iyunü , 2005 yil . Andijon shahri ,
Lermontov ko‘chasi , 10 – uy .
SADOQATLI ChIRILDOQ
Oqshom. Dala xovli, o‘yga cho‘masan,
Xonang derazasin bog‘larga ochib.
Menchi kiprik qoqmay turaveraman.
Ering kelganda ham ketmayman qochib.
Esingdami, seni firoq o‘tida,
Kuydirib bir zamon ketgandim o‘lib.
Mana, tag‘in qaytib keldim yoningga.
Qaytadan tirilib, chirildoq bo‘lib.
Xovlingda buncha ko‘p bo‘lmasa gullar?
Yo bugun bayrammi? Gullar saylimi?
Sevgilim, shu gullar ochilib yotgan,
Xovlingda chirillab yursam maylimi?
1999 yil , avgust ,
Toshkent , tunggi soat 12 yarim .
Do‘rmon . Yozuvchilar ijod bog‘i .
1 – korpus , 3 – qavat , 52 – xona .
QADRDON QIRG‘OQLAR
(Bolalikdagi qo‘shnimizning qizi Guliga )
Oqar edi daryo yoyilib,
Sensiz go‘yo yashardim xumda.
Oyog‘ingni o‘pardi suvlar,
Erir edi izlaring qumda.
Uchrashganda telbalar kabi,
So‘zlasholmay qolardik tildan.
Yo‘llaringda muxtoj nigoxim,
Uzoq edi sekundlar yildan.
La‘l, javoxir yulduzlar ila,
Tun osmoni ketganda boyib.
Uxlar eding baland so‘rida,
Sochlaringni daryoday yoyib.
Dalalikda kesishgan yo‘llar,
Ko‘zlarimdan mixlagan xoching.
Qirg‘oqlarim qo‘porgan daryo -
Yot yostiqqa yoyilgan soching.
Balki hamon bizsiz soxilning,
To‘lqinlari bir – birin quvar.
Qoradaryo oy laganida,
Yulduzlarni oltindek yuvar.
2006 yil , 8 iyulü , soat 14 dan 41 minut o‘tdi .
Bishkek shaxri , Sovetskaya ko‘chasi ,128 -uy ,
39 – kvartira . G‘ariblikda yozildi .
SIRLI MAKTUBLAR
Daraxt menga yo‘l bo‘shatadi
O‘tganimda shu yo‘ldan doim.
Va daraxtning sarg‘ayib ketgan
Xatlariga ko‘milar poyim.
Daraxt sho‘rlik maktublarini
Kimdir olib o‘qishin poylar,
Maktublarin olis – olisga
Olib ketar po‘chtachi soylar.
Sevib qolgan kimnidir daraxt,
Sevgan yori yozmaydi javob,
Xatlarini yashirib o‘qib
Yig‘lab – yig‘lab etmaydi tavof.
Daraxt har yil yozaveradi,
Siyox, dastgox, qalam, dovotsiz,
Xatlarini xech kim o‘qimas,
Uning sevgilisi savodsiz.
1991 yil , kuz , Toshkent shahri .
Veteran
Bu insonning yurak ko‘zgusi,
Chil - chil singan, bo‘lmaydi butlab.
Do‘stim, unga qo‘l cho‘zib, hech yo‘q,
Bayram bilan qo‘ysangchi qutlab.
Miskarnaylar bo‘g‘zidagi "Valüs",
Sadolari o‘ynar havoda.
Qahramonning siyrak sochlarin,
Tortqilaydi tongi shabboda.
Shu kunlarda yolg‘iz qolgan u,
Yo‘qdir bunda tengdoshi, tengi.
Uzoqlarga termular, qo‘lsiz,
Xilpiraydi shamolda yengi.
15 avgust, 2010 yil.
Tong. Toronto shahri, Kanada.
Qishloq sog‘inchi
(Hamqishlog‘im O‘lja akamga)
1
O‘riklar gullagan oydin sukunat.
Sholipoyalarning tiniq suvlariga
Cho‘kib ketar oyning chinni tovog‘i.
Tun - qop -qora niqobli ninza
U sochib tashlagan somon yo‘liga
Yulduzlarning po‘lat tikanaklarin...
2
Daryo o‘rtasidagi biz sevgan orol
Qushlar shovqiniga to‘lgan to‘qayzor
Aylanibdi sholipoyaga.
Qushlarga qo‘nalg‘a bo‘lmasin deya
Sholipoya chetidagi yolg‘iz jiydani
Bolta bilan kesib tashlabdi dexqon.
Qushlar gala -gala bo‘lib,
Issiq o‘lkalarga uchib ketgandir.
Qushlar qishga g‘amlamaydi don.
Dexqon o‘rilgan sholilarini
Qayig‘iga yuklab,
Tumanli daryoda yolg‘iz bir o‘zi
Suzib borar balki qirg‘oqqa tamon.
Tumanli yulg‘unzor tamonda balki
Yomg‘irlar tilida pichirlab yig‘lar
Qushlar shovqinini sog‘ingan sohil.
3
Yog‘ayotgan qorlarga qarab,
Onamning elak tutgan
Qadoq qo‘llarini esladim.
Elakdan yog‘ardi qorday oppoq un.
Balki Maslaxatda ham
Osmon elagidan qor emas, oppoq
Un yog‘ayotgandir.
Oppoq unga belangan tegirmonchiday,
Ko‘chamizdan o‘tar tungi yo‘lovchi.
Qirov uvildirig‘i qoplagan
Tongi haybatli teraklar!
Tepsang ulardan
Guvillab tushadi bulutday ko‘chki.
Sochlari oqargan sozanda shamol.
Chalar qorli dala simfoniyasin.
Qor qoplagan dalada esa
Valüsga tushadi yolg‘iz qorquyun.
Qish- oppoq royalü.
4
Oydinda gullagan
O‘riklarning oppoq gulpallalari
To‘kilib, yerlarni oqartirganda
Oyning oppoq shu‘lalariga
Belangan yo‘lovchi o‘tar ko‘chadan
Xorg‘in, o‘ychan tegirmonchiday.
Kesilgan jiydaning o‘tkir tikonlari
Oydinda yaltirar
Tun - qop -qora niqobli ninza
Somon yo‘liga sochib yuborgan
Yulduzlarning po‘lat tikanagiday.
Daryo o‘rtasidagi orol tamonda esa
Endi tishi chiqqan go‘dak misoli
Jiyda nihollari yozadi kurtak.
Sholipoyalarning tiniq suvida
Sinib yotgan mahal oyning tovog‘i.
27 fevralü, 2013 yil.
Kunduz soat 11 dan 32 daqiqa o‘tdi.
Kembridj shahri, Kanada.
TOShBITIK
Faqat osmon bilan tirikmas inson,
Yashab bo‘lmaydiku qadrdon yersiz.
” Yashasa bo‘ladi ” deyishing mumkin,
G‘arlar yashaganday jaxonda ersiz.
Yashab bo‘lar dersan quyoshsiz xatto,
Oydin dalalarsiz, tumansiz, qorsiz.
Vatansiz va Erksiz, tutqun qul bo‘lib,
Yashash ham mumkindir g‘urursiz, orsiz
Hatto xudosiz ham yashash mumkindir.
Yashashing mumkindir olamda mensiz.
Qabrtoshim urib, qarg‘ama, chunki,
Men yashay olmadim dunyoda sensiz.
2000 yil , 8 iyulü , Maslaxat qishlog‘i.
ZOR – INTIZOR
Qurg‘oqchilik kunlari keldi,
Saxro kabi qaqragan ko‘zga.
Bu dunyoda bilsang, sevgilim
Go‘zal so‘z yo‘q ismingdan o‘zga.
Kengliklarga chiqib ketaman
Sog‘inchlaring qiynasa yomon,
So‘zanaklar tentirab uchgan,
Jim , kimsasiz dalalar tamon.
Oqshom tushib yaraqlaydi oy,
Shu‘lalarga belanar kiftim.
Yulduz to‘la poyonsiz osmon,
Dur – javoxir qadalgan shiftim.
Qurillaydi baqalar ma‘yus,
Sohilda tun etagin teshib.
Yuksaladi ko‘klarga ruhim,
Oy nuridan arqonlar eshib.
1999 yil , avgustü . Maslaxat qishlog‘i .
BALKI
Kuzgi shamol va maxzun hayol,
Chizging kelar tasvirin bo‘zga.
Cho‘kar moviy dubulg‘a – osmon,
Kuzga o‘xshab ketguvchi ko‘zga.
Ko‘rdim ko‘zing tubida g‘amni,
Arzir edi yig‘lasam uvlab.
Yupun bog‘lar bag‘ridan uchgach,
Barglar ketdi shamolni quvlab.
Sochlaringday uzun dardlaring,
Qoshlaringda yillar kuyasi.
Ko‘zing qiri xanjarday o‘tkir
Kipriklaring ko‘zyosh uyasi.
Balki sen ham muxojir qushday,
Uchib ketib qolarsan zumda.
Izlaringda daryolar ingrab,
Suvlar yig‘lar yugirib qumda.
Balki endi sensiz o‘larman,
Balki o‘lmay kirarman yuzga.
Termularman balki sog‘insam,
Ko‘zlaringa o‘xshagan kuzga.
2001 yil , avgustü. Maslaxat qishlog‘i .
APRELÜ
Quyosh botib, g‘amboda, g‘arib,
Ufqlarning gulxani so‘nar.
Erigan qor suvlarin ichgan,
Qushlar shomgi tolzorga qo‘nar.
Billur qandil kabi osilgan,
Sumalaklar tushar uzilib.
Chakillagan iliq oqshomda,
El uyqusi ketar buzilib.
1990 yil . Bahor . Andijon shahri .
UMR
(Do‘stim Ravshan Fayz xotirasiga )
Gullar yerning tabassumlari ,
” Qayda ? ” – deya berma savollar .
Dala orti tikanzorlarda ,
Guvillaydi vaxshiy shamollar .
Bosh uradi ular ko‘ksimga ,
Zulmatlardan topolmay uyin .
O‘xshashi yo‘q qor zarrasini ,
Sochlarimga qo‘ndirar quyun .
Qor uchquni erib ketarkan ,
Kiprigimda eng so‘ngi karra .
Deyman : – Buncha oz umr ko‘rding ?
Alvido , ey beg‘ubor zarra !
2003 yil , 27 noyabrü . Tungi soat
9 dan 30 minut o‘tdi. Andijon .
SENI UNUTMAYMAN
Tumanlardan chiqib kelasan,
Lek kirmaysan ostona xatlab ,
Men bir umr yeta olmagan,
Olis orzu , muqaddas matlab .
Sen o‘tasan ortinga boqmay,
Tashlab asta iloxiy odim ,
Izlaringda men emas , go‘yo,
Qolar ruhsiz yuz yilgi yodim .
Yuksalganday bo‘lasan ko‘kka,
Dalalarni yoritgan oydek .
Men bir chetda qolib ketaman,
Oy yorug‘i tushmagan joydek .
Termulaman seng ketgan yo‘lga ,
Tumanlarga belanar jisming ,
Derazaning oynasin kuxlab,
Xovurlarga yozaman isming .
1991 yil , dekabrü . Toshkent .
Xotira
Unutmayman endi hech qachon,
O‘sha qayg‘uli tongni.
O‘chgan chiroqlarni,
Oqarishib kelayotgan
Olachalpoq osmonni,
Yiroqlarni.
Fil suyagi kabi
Oppoq qo‘llaru
Shunday jussani.
Muyulishga yetganimda
Ko‘zim girdobiga
Cho‘kkan g‘ussani.
Endi u joylarga bormayman,
Borsam,
Shamollar yig‘laydi
Qamish tilida.
Sirdaryo
( Sohiba Ashurovaga)
Suv ichgani kelgan kiyikdek,
Oyoq qo‘yding toshli sohilga.
Va termulding g‘alayon solib,
Toshlarga bosh urgan johilga.
Qatra – qatra ko‘z yoshing to‘kib,
Xasratingni suvlarga aytding.
Sirlarimni saqlagil, daryo –
Deb sohildan ohista qaytding.
Bu dunyoda yolg‘izgina men,
Xasratingni tushunib yetdim.
Va ayrilmas sodiq do‘st bo‘lib,
Sirlaringni oqizib ketdim.
1996 yil, kuz. Andijon shahri.
Mehmondo‘st odam
Bepoyon osmonlar kulrang, bulutli,
Sharqdan esayotir qushlar bo‘roni.
Ko‘zlarim suv ombor, kiprigim to‘g‘on,
Olisda o‘rmalar poyezd iloni.
Daryo lablarida chiridi naylar,
Hayratdan osmonga baqraydi dala.
Jannat qushlariday bargi hazonlar,
Uchib o‘tib ketdi gala va gala.
Za‘faron tanazzul, hazon chervoni,
Namchil oynalarga yopishgan yorliq.
Daraxt olomoni – vaxshiy g‘alayon,
Yomg‘irlarda shishib yig‘laydi borliq.
Vaqt botqog‘ida chirigan yillar,
Sokin tumanlarning mudxish savoli.
Ko‘nglim oynalarin sindirdi yana,
Sovuq zulmatlarda hijron shamoli.
To‘lqinlar yig‘laydi qumloqni yalab,
Chorloqlar chiyillab shovqin soladi.
Biroz o‘tirsangiz bo‘lardi, mehmon,
Hademay ko‘zyosh ham qaynab qoladi.
12 noyabrü, 2004 yil. Yarim tun. Andijon shahri.
Bolalik
( Tuxfa xola xotirasiga)
Chetan bilan o‘ralgan bog‘lar,
Giloslarning bag‘ri qonaydi.
Yilg‘inzorlar tamonda Kakku,
Mening qolgan umrim sanaydi.
G‘urillaydi tolzorda g‘urrak,
Traktorlar tashlaydi langar.
Ko‘z ilg‘amas poyonsiz osmon,
Muzlatgichi buzulgan Angar.
Tirillaydi olisda moped,
Dala yo‘lda ko‘tarilar chang.
Odamlarni choyga chaqirib,
Oshpaz xotin ura boshlar zang.
Tang! Tang! Tang! Tang!
QO‘ShIQ
Yulduzlar yaraqlab porlayveradi,
Ularning changini xech kimsa artmas.
Daraxt malakasin oshirish uchun,
Xorijiy davlatga jo‘natish shartmas.
Zaminning eng go‘zal daraxti uchun,
O‘tkazilsa agar tanlov, ko‘riklar,
Birinchi o‘rinni olardi albat,
Jo‘r bo‘lib gullagan bizning o‘riklar.
O‘rik gullayverar oppoq qo‘shiqni,
Qarsagu olqishlar qilmaydi talab,
Shon so‘rab markazga yo‘llamas maktub,
Kanvertga surtilgan yelimni yalab.
Bu gala kontsertga kirishing mumkin,
Bo‘lmasa ham chiptang, puling yo tillang.
Oppoq qo‘shiqlardan ochilar hatto,
Ruhing kapalagi berkingan pillang.
2004 yil, bahor, Andijon.
QIZIQ DUNYo
Qorong‘udan chiqib qorong‘ulikka,
Ketguvchi umrlar aylana chiziq.
Tsirkulga o‘xshaysan buning ustiga,
Shar ustida yashash undan ham qiziq.
Qiziq tuyularkan yer – bepul uchoq.
Doim xizmatingga tursa shaylanib.
Sen borib yurmasang. o‘zidan – o‘zi,
Fasllar yoninga kelsa aylanib.
Qiziqda, bir umr koinot bilan,
Qo‘shilib aylansang, aylansang yerga.
Undan ham qizig‘i, bu voqeani.
Kimdir aylantirib yuborsa she‘rga.
2000 yil 28 iyulü , yarim tun .
Maslaxat qishlog‘i .
DENGIZDA
(“Istanbul ilhomlari ” turkumidan )
Emmonoel bo‘g‘ozi, Tamsil, Eskudar,
Otmoqda yomg‘irli Istanbul tongi.
Marmara dengizin kengliklarida,
Yangrar kemalarning xasratli bongi.
Dengizlar ortida qolgan Vatanim,
Sog‘indim Masjidu minorlaringni.
O‘lmay qaytib borsam uyalmay unsiz,
Quchoqlab yig‘layman chinorlaringni.
Sovuq shamol esar, namchil paluba,
Kema chayqaladi, g‘ijirlar eshik.
Bizni allalaydi kemaga qo‘shib,
Dengiz dunyodagi eng ulkan beshik.
Men uyg‘oq boqaman kengliklar tamon.
G‘amlarga topolmay bo‘yinturuqlik.
Suv yuzida yarmi ko‘rinib turgan,
Qo‘rqinchli maxluqqa o‘xshar quruqlik.
1999 yil, dekabrü. Turkiya. Istanbul.
Marmara dengizi.
O‘G‘LIM MAQSUDBEKKA
Sheüriyatning cho‘llaridan,
Men boshpana qidirdim.
Jigarimni qafasdagi,
She‘rlarimga yedirdim.
Bu cho‘llarning giyoh unmas.
Barxanlari mengadir.
Bunda oqil, jangoxlarda ,
O‘z nafsini yengadir.
Atrofimda iblislarning,
Ko‘zi yilt – yilt yonadi.
Tegib iblis tishlariga
Oyoqlarim qonadi.
Shu qon izdan bir kun meni,
Izlab, izlab top bolam.
Bu dunyodan ochiq ketgan
Ko‘zlarimni yop bolam!
1988 yil , avgust. Maslaxat qishlog‘i .
MABODO
Men bir it bo‘lsaydim
(Laycha yo ko‘ppak)
Zulmatli kuz kechasi
Daryo ortidagi “Lattaqishloq” da
Bo‘g‘iq akkillardim
Go‘yo xum ichida xurayotganday.
Tovushimni tinglab,
Uxlab qolarding
Ilinardi ko‘zinga uyqu.
Yoxud, bo‘lsam edi sassiqpopishak
Pupupub – pupupub – pupupub
Pishsh shsh! – deya
Olis uvotlarda sayrardim uzoq.
Dexqonlar ishlashdan to‘xtab, jilmayib
Bir zum quloq tutardi menga.
Yo bo‘lmasa omadim chopib,
Chigirtkaga aylanib qolsam,
Oy porlagan oqshom
Yozgi “Qirg‘izxoji” dalalarida
Tunni zirillatib chirillar edim.
Yoki deylik falokat bosib,
Odam bo‘lib qolsam kutilmaganda
Katta – kon odam.
Bolaligim kechgan
Qoraqolpoqlar xutoridagi
Cho‘chqaxona xarobasidan
Qarardim bepoyon mangu osmonga
O‘zimning naqadar muvaqqat, ojiz
Zarra ekanimni anglamoq uchun.
15 oktyabrü ,2006 yil ,yakshanba .
soat 13 dan 58 minut o‘tdi.
Bishkek , Leningrad ko‘chasi 35 uy.
AYRILIQ
“Yoqmasam, ka – a -a – atta ko‘cha” deding,
Ko‘chaga chiqdim.
Ko‘cha jim – jit edi, kimsasiz, oydin.
Men avvallari bilmas ekanman,
Ko‘chaning bunchalar
Katta bo‘lishin.
2002 yil , 2 oktyabrü . Yarim tun .
Andijon shaxri 4 – kichik daxa.
ShUKRONA
Olloxim, anavi yon qo‘shnim borku,
O‘shandan degin,
Belkurak oluvdim yer ag‘dargani.
O‘sha qo‘shnim bir soat o‘tmay,
Bergan belkuragin so‘rab chiqibdi.
Sen bo‘lsang
Tug‘ilganimdan beri ishlatib yurgan
Belkurakdan afzal qo‘llarimni
Mana, qirq yetti yildirki
Qaytarib ber deya qistab kelmaysan,
Yaqinda Komxozdan, B.T.I dan,
Gorgazdan, Elektrosetdan,
Soliq idorasidan
Odamlar keldi
Semiz – semiz popka ko‘tarib.
To‘lov miqdorini eshitgach,
Xushdan ketay dedim, ko‘karib.
Olloxim,
Yaxshiyamki farishtalaring,
Semiz – semiz popka qo‘ltiqlab,
Quyosh, yomg‘ir ,shamol xaqini
Surishtirib kelmas uyimga
Yaxshiyamki nafas yo‘limga
Havo xisoblagich o‘rnatmagansan.
Bahor haqida
(Chori Avaz xotirasiga)
Bahor kelayotir.
Hali hech kim yashamagan bahor.
Bultur sening izlaring qolgan,
So‘qmoqlardan kelayotir ul.
Ochiladi shubhasiz endi,
Hali hech kim o‘pmagan,
Hali hech kim xidlamagan gul.
Bahor kelayotir,
Hali hech kim o‘lmagan bahor...
1993 yil . Toshkent shaxri .
O‘g‘lim Azizbekka
Magar o‘lsam, xazin bo‘zlab, xayr deb yig‘lagil, o‘g‘lim,
Alamlarga chidab o‘tgan chayir, deb yig‘lagil ,o‘g‘lim.
Kel, ey g‘assol, ko‘ray so‘ng bor dadamning afti angorin,
Yuzidan pardani bir zum qayir, deb yig‘lagil, o‘g‘lim.
Uning xarastlarin aytsam, ulus ko‘z yoshini to‘ksa,
Bu suvda kemalar qilgay sayr deb yig‘lagil, o‘g‘lim.
Tiriklik chog‘ida bir bor kelib ahvolini so‘rmay,
Qo‘yimgoxida va‘z aytma, g‘ayr, deb yig‘lagil, o‘g‘lim.
Bugun hech bo‘lmasa shundoq ulug‘ kun xurmati yorab,
Shu sho‘rlikni g‘animlardan ayir, deb yig‘lagil, o‘g‘lim.
Bu Vulqonmas, xasad axlin burishgan panjasi tekkach,
Qanoti qayrilib singan tayr, deb yig‘lagil, o‘g‘lim.
1990 yil , Maslaxat qishlog‘i .
Chag‘alay
(Rauf Parfi xotirasiga)
O‘zining bor yetimligi bilan,
Dalalar ustida porlayotgan oy,
Uchburchak shaklli romga joylangan
Sharlarni har yoqqa to‘zg‘itish uchun
O‘qlog‘ yordamida yo‘naltirilguvchi
Billiardning buzg‘unchi soqqasi emas.
U sovuq adirda yolg‘iz va yupun,
Shu‘lalardan yuzi sarg‘ayib
Chiroq ko‘tarib borayotgan.
Soch – soqoli oppoq, bo‘yni ingichka,
Momaqaymoq to‘zg‘og‘iga o‘xshagan Rauf.
She‘riyatning tilla chig‘irig‘ida,
Jon iplarin yigirgan vujud.
Raufdan yigirib olingan
Lojuvard nurlarning kalavasi oy.
Xoy, sovuqdan tovoni yorilgan Rauf,
Bankrotga uchragan merosxo‘r kunda,
Kundamas, kundada Quyoshning o‘tkir,
Olmos nuri ila kesilgan oyna
Yo‘llaringda bahor jarchisi bo‘lib,
Erib yotgan mahal ko‘lmaklar,
Eshkaksiz qayiqda yolg‘iz bir o‘zing,
Sevinch ko‘z yoshlaring kafanga artib,
Begona tunlarga ko‘chib ketibsan.
Shig‘alab yog‘armi endi yomg‘irlar?
20 yanvarü , 2007 yil soat 11 dan 22 minut utdi
Bishkek shaxri , Leningrad ko‘chasi 35 uy.
QAHRAMON
(Hamqishlog‘im , ikkinchi jahon urushi nogironi ,
marhum Fozil ota xotirasiga )
Guvillaydi bog‘larda bo‘ron,
Tun qorong‘i, tong hali yiroq.
Pastak uyning mehrobi aro,
Miltillaydi xira jinchiroq.
Chol uzilgan tasmani ulab,
Oyog‘iga yuzli mix qoqar.
Oyoq emas, ne desam ekan,
Tuyog‘iga mung‘ayib boqar.
Yoriladi, yog‘och oyog‘i,
Chol ko‘zidan yoshi tirqirar
Qaylardadir zulmat qo‘ynida,
Qush odamga o‘xshab chinqirar.
Odam qushga o‘xshab qiyqirar.
1988 yil . Baxor . Maslaxat qishlog‘i .
TONGNI KUTIB
Tumanlar qoplagan kuzgi bog‘lardek,
Hayotim xuvillab qoldiku sizsiz.
Hech kimga ko‘rsatmay ko‘z yoshlarimni
Jimjitlik qa‘riga ketaman izsiz.
Sog‘ingan bag‘rimni kemirar hijron
Ichkizib qo‘yaman uyqumga zahar.
Xorg‘in chiroqlarga termulib masrur,
Sizni eslagayman to subhi sahar.
Men tongda odamday yashay boshlayman
Bog‘larga to‘lganda shodligu sayroq.
Atlas ko‘ylagingiz etaklarini,
Tongi shabbodalar qilganda bayroq.
1991 yil , kuz , Maslaxat qishlog‘i .
BAHOR TONGI
Tong oqarib Qoradaryoga,
Cho‘kib ketar oyning tovog‘i.
Ochiladi yorishgan ufqning,
Qorachig‘siz zavr qobog‘i.
Bug‘lanmoqda tuproq ikrasi,
G‘amlar erir maxzun navoda.
Qaylardadir ma‘raydi buzoq,
Pichan xidi suzar havoda.
Oynalarni artasan shodon,
To‘lib – toshib sayraydi mayna.
Olmos kabi porlab, o‘rdakdek,
G‘aqillaydi top-toza oyna.
Muvozanat saqlab uchasan,
Yer atalgan bahaybat sharda.
Derazalar ortida shamol,
Yelkan kabi qabargan parda.
1998 yil . May . Andijon shahri.
Hayrat
(Do‘stim Asqar Maxkam xotirasiga)
Nechun yalpoq odamlar yuzi?
Nega chaqnar moviy chaqinlar?
Shuvalmoqda nechun tasavvur?
Nega uzoq bo‘ldi yaqinlar?
Qalin, sokin tumanlar nechun,
Dalalarni qoplabdi yaxlit?
Nechun bulbul sayraydi yolg‘iz?
Chumchuqlarga qilmasdan taqlid.
Nega mening ikki ko‘zim ko‘r?
Axir, bunday emasdi dastlab.
Bu yomg‘irlar nega buncha sho‘r?
Osmon buncha ketibdi pastlab?
Nega qalqib chiqmadi ko‘z yosh,
Osmonlarga boqqanim zaxot?
Nechun hech kim otmay qo‘ydi tosh?
Maxluqlardan qutildim naxot?
7 iyulü, 2008 yil, kunduz soat 5 : 29.
Toronto shaxri. Kanada.
Kuz ilhomlari
(Aruz vaznida yozilgan she‘r)
Voh, kuzgi daraxt shaklida hayronani ko‘rdim,
Yolg‘iz va g‘arib, bir dili vayronani ko‘rdim.
Jim - jit ko‘chada o‘ynadi raqqosa shamollar,
Charx urdi hazon girvati, parvonani ko‘rdim.
Darcham yonidan o‘tdi uchib yovvoyi g‘ozlar,
Hijron to‘la dil aksida devonani ko‘rdim.
Qushlar uyasin tutdi daraxt shoxida, yo, Rab,
Inlarga boqib g‘am to‘la paymonani ko‘rdim.
Za‘far kapalaklar kabi uchganda xazonlar,
Barglarga ko‘milgan ko‘cha , ostonani ko‘rdim.
Yo‘llarga xazonlar to‘shadi kuzgi Toronto,
Boqqancha chinor bargiga Farg‘onani ko‘rdim.
Qalbimda Xudo, Ka‘baga o‘xshaydi vujudim,
Sipqorgali ishq bodasi - mayxonani ko‘rdim.
Do‘st topmadi Vulqon bu jahon mulkida izlab,
Har yerda g‘anim, vaxshati begonani ko‘rdim.
26 oktyabrü, 2010 yil.
Tongi soat 7 dan 35 minut o‘tdi.
Toronto shahri, Kanada.
Qarg‘aga
Qarg‘a, seni tezakxo‘r desak,
Hafa bo‘lma, olmagin malol.
Chunki tezak ba‘zi odamning,
Luqmasidan ming bora halol.
Qor qoplagan chorbog‘larga boq,
Kumush qordan daraxtlar bo‘rki.
Qarr! Qarr! desang tumanlar aro,
Go‘zal qishning ortadi ko‘rki.
Seni yomon degan kimsaning,
Komilligi emasdir yaxlit.
Eng yaxshi qush o‘zingsan, chunki,
Bulbullarga qilmaysan taqlid.
2008 yil, 30 iyulü, dushanba. Tungi soat 2 dan 04 minut o‘tdi.
Toronto shahri. Kanada.
Kosmik muhojir
Biz intildik osmonga mudom,
Osmon esa tushibdi yerga.
Uning suvda cho‘milgan chog‘in,
Tasvirlasa sig‘maydi she‘rga.
Zamin hamma narsadan pastdir,
Deb o‘ylama mafkurang buzib.
Sen pastda deb o‘ylagan narsa,
Yurgan mahal kosmosda suzib.
Raketada uchmadim deysan,
Qo‘y, ko‘ksinga urmagil pichoq.
Sen osmonavt, Yer esa qadim,
HAQ yaratgan bahaybat uchoq.
Eng qudratli raketalar ham,
O‘ynolmaydi Yer bilan poyga.
Chunki yuz yil uchsa ham inson,
Borar zo‘rg‘a bir metr joyga.
Vaqti kelib ketar avlodlar,
Minib lappak arobasiga.
Bizni tashlab ona zaminning,
Oy yoritgan harobasiga.
Yashab o‘zga olamlar aro,
Tumanlikda gulhanlar yoqar.
Va sog‘ingan sayyorasiga,
Olislardan mung‘ayib boqar.
11 iyunü, 2010 yil.
Kech soat 5 dan 15 minut o‘tdi.
Toronto shahri, Kanada.
Bozorda
Qo‘yimizni sotayotganda ,
Ko‘zlarimdan chiqib ketdi yosh.
Muxtojlikka la‘natlar o‘qib,
Qo‘ybozorda egib qoldim bosh.
Mehr bilan manglayin silab,
Rozi bo‘lgin - dedim men qo‘yga.
O‘sha qo‘yni eslayman xamon,
G‘arq bo‘lgancha xududsiz o‘yga.
Menku oddiy bir qo‘yni sotib,
Mijjam bo‘ldi ko‘z yoshga tikan,
O‘z xalqini sotganlarning ham ,
Ko‘zlaridan yosh chiqarmikan?
1989 yil. Andijon.
Minnatdorchilik
Minnatdorman sizdan, o‘rtoq Stalin!
Sovet hokimiyatiga ham kattakon rahmat!
Otib tashlaganingiz uchun Abdulla Qodiriyni,
Chekkanlaringiz uchun aziyat va zahmat!
Qodiriy rostdan ham jinoyatchi edi,
Chopon kiyib yurardi bosmachi sollot.
Juda to‘g‘ri qilgansizlar otib tashlab uni,
U yovuz qotil edi, shafqatsiz jallod!
Qora do‘ppi kiyib, nomoz o‘qirdi tag‘in,
Zimdan bajargancha har - xil yumushni.
Yana yig‘laganichi, o‘ldirib qo‘yib,
Marg‘ilondan kelgan sho‘rlik Kumushni.
8 avgust, 2012 yil.
Kunduz soat 4 dan 51 minut o‘tdi.
Toronto shahri, Kanada.
Kalishnoma
O, orqasi yirtilgan kalish!
Kiyilaverib maymayib, rangi o‘ngib,
Oqshayib ketgan kalish...
Buncha og‘zing katta bo‘lmasa sening?
Yoki yig‘layapsanmi ovozsiz, xo‘ngrab?
Balki esnayotgandirsan
Kinnachi kabi?
Yoki kulayapsanmi mening ustimdan?
Kim biladi,
Balki,
Qo‘shiq aytayotgandirsan
Bir paytlar og‘zinga kirgan
Oyog‘imni sog‘inib, qo‘msab...
23 may, 2008 yil.
Kunduz soat 12 dan 56 minut o‘tdi.
Toronto shahri, Kanada.
Ilmoq
Siz nazarga ilmaysiz meni,
Yaxshiyam ilmaysiz
Ilsangiz agar,
Elu xalqqa kulgu bo‘lardik.
Chunki, men novchaman.
Nazaringiz esa
Haddan ziyod past.
2001 yil, 21 yanvarü, tungi soat 9 dan 21 minut o‘tdi.
Tashqarida qor yog‘yapti. Maslaxat qishlog‘i.
Ayo soqiy
(Hofiz Sheroziy g‘azaliga Xoldor Vulqon muhammasi)
Yuzin ko‘rgim kelur har on, bu hijron lahzasi yillar,
Firoq sahrosida qiynab, ko‘zimga tortadir millar,
Azobim yuklasam nogox, chidolmay chinqirar fillar,
Ayo soqiy sunib joming qil ehson, yashnasin dillar,
Ko‘rundi avval ishq osonu so‘ngra tushdi mushkullar.
Vujudim rishtasiiga tim qaro soch tolasii bandkim,
Labiining bolidin sharmandadir novvot ila qandkim,
Junun sahrosida chekkan azobim Qays uchun pandkim,
Sabo yechmoqchi bo‘lgan soochining xushbo‘yiga ontkim,
Muanbar xalqa - xalqa soochidin qon bo‘ldi bu dillar.
Muhabbat rozinii dilbar kelib sirri nihon aytsa,
Qulog‘imga pichirlab, jilmayib shirin suxon aytsa,
G‘anim ko‘z yoshiga cho‘kkay chekib oxu fig‘on, aytsa,
Botir sajjodanii mayga agar piri mug‘on aytsa,
Yo‘lovchiga erur ma‘lum yo‘l ahvoli va manzillar.
Sanam mujgonidan paykon kelib sanchilsa gar bir dam,
Jigar sadporalar bo‘lg‘ay berolmas hech kishi yordam,
Magar hoziq tabibim yor, tirilgay so‘zlasa murdam,
Menga yor uyida ishrat qurish imkoni yo‘q har dam,
Qilurkan qo‘ng‘iroq faryood, bog‘lang yukni g‘ofillar.
Ayo ey dil tilab vaslin yutarsan qon ila zardob,
Qo‘yar joninga o‘t dilbar kiyib qirmiz qabo zarbob,
Bu yo‘lga kirma deb ogoh etibdur ishq elin arbob,
Qorong‘udir kecha qo‘rqinchli mavj, daxshatlidir girdob,
Na bilg‘ay holimizni chetda turgan yuuki yengillar.
Falakning charxi kaj , undan muruvvat kutma, ey Hofiz,
Zaminnii titratib Vulqon kabi qon yutma, ey Hofiz
Kezib sahro biyobonlar aro yo‘l tutma, ey Hofiz,
Agar vasl istasang undan uzoqqa ketma, ey Hofiz,
Tilakni izla, qo‘y dunyoni, ber orzuga tabdillar.
23 may, 2010 yil.
Tungi soat 12 dan 45 minut o‘tdi.
Toronto shahri, Kanada.
AKME
Jimirlaydi xazina osmon,
Osmon “O” simon.
Yo‘qlik ramzi nolü raqamiday.
“O” simon ummon.
Unda miltillaydi
Yulduzlarning sonsiz uvildirig‘i.
Uvildiriqlar aro suzar,
Ko‘zlari o‘yilgan,
Tili kesilgan,
Zulmatni yoritgan oyning kallasi.
Siz aslo qo‘rqmang,
O‘zingizni qo‘lga oling.
So‘ng o‘zingizni o‘zingiz
Xonaga qamab
Eshikni zanjirlab
Tongacha uxlang.
Tongda tirikligingizni
Anglamoq uchun
Devorga osilgan
Ko‘zguga kuxlang.
Agar paydo bo‘lsa ko‘zguda xovur,
Qo‘ni-qo‘shnilarni chaqiring.
So‘ng ularga:
-Garov o‘ynaysizlarmi,
Men tirikman! - deya baqiring.
Lekin Baxt qushining tuxumidan,
Quymoq qilmang zinxor ba zinxor.
Tuxumlarni bostiring.
Ochib chiqsa,
Qirg‘iylardan qo‘ring ularni.
Baxt qushining jo‘jalari
Ko‘payib ketsin.
Hamma baxtli bo‘lsin Vatanda.
Baxt nolib yurmasin baxtsizligidan,
Hafa bo‘lib yurmasin shodlik.
Ovqat och qolmasin,
Kiyim yalong‘och.
Suvlar chanqamasin.
Olov sovqatmasin qaltirab - qaqshab!
SOVG‘A
Qutlayman tavallud ayyoming bilan,
Sen quvnoq yashading gullarni xidlab.
Quruq kelganim yo‘q men ham yoninga,
Kutilmagan sovg‘a keltirdim didlab.
Hayoting sayoxat, taoming asal,
Senga yot achchiqlik - qalampir -quzoq.
Ozor ne bilmading, ozor bermading,
Yashading dunyoda juda ham uzoq.
Ko‘rinsang havasga aylanar xasad.
Qarshingda jallod ham yig‘laydi aytib.
Tozarib qon to‘la qotil ko‘zlari,
Pashshaga ham ozor bermaydi qaytib.
Sen oppoq kiyimli so‘fiydek yuvosh,
Hatto miq etmaysan ketsalar yanchib.
Men seni shaharga olib ketaman,
Keltirgan “SOVG‘AM ” ni miyyanga sanchib.
23.01.2007. Soat 13 dan 24 minut o‘tdi .
Bishkek shaxri ,Leningrad ko‘chasi 35 - uy.
Men diyoru yorisiz
( Alisher Navoiy g‘azaliga Xoldor Vulqon muhammasi)
Qo‘rqaman, ko‘z tegmasin, yor yurmasin tummoorsiz,
Menga do‘zaxdir hayot ul ko‘zlari hummoorsiz.
Bepoyon sahroda qoldim kulbayu devoorsiz,
Navbahor ayyomi bo‘lmish men diyoru yoorsiz,
Bulbul o‘lg‘ondek xazon fasli gulu gulzoorsiz.
Teshdi osmonlarni boshim, buncha ummonlar sayoz?
Kuydirib kul qildi poyim qahraton qishlik ayoz.
Bo‘ldi alvonrang qizil qonim siyoxidin qog‘oz,
Gohi sarv uzra gahi gul uzra bulbul nag‘masoz,
Vaxki menman gungu lol ul sarvi gul ruxsoorsiz.
Qoshlaring shamshiridin to‘g‘rab otilgan burdaman,
Kechalar oydek jamolingdin taralgan nurdaman,
Intizor, vaslingni izlab na tirik na murdaman,
Tong emasdur, gar diyoru yooorisiz ozurdaman,
Kim emas bulbul, gulu gulzoorsiz, ozoorsiz.
Cho‘g‘ kabi alvon labingdin sachragay qonimg‘a o‘t,
So‘zlaringdinkim ilashgay laxza har yonimg‘a o‘t,
O‘rlagay zulmatda guvlab oxu afg‘onimga o‘t,
Ravza ashjori o‘tindur, gullari jonimg‘a o‘t,
Mumkin o‘lsa anda bo‘lmog‘liq dame Dildoorsiz.
Parpirar yulduz va oy, sokin halovatlig‘ kecha,
Dur to‘kilmishdur guhar, gulgun dudog‘ingdin necha,
Jilmayib siymin bog‘ichlardin mayin soching yecha,
May chu berding, zulf ila band et meni, ey mug‘bacha,
Kim xush ermas mug‘ bila ichmak qadax zunnoorsiz.
Bu umr iz tushmagan qorli, salobatli dovon,
Intilar qorli dovonlar qasdida piru javon,
Jomi vahdat birla qorlar ostida qoldik omon,
Topmaduq gul rangi jomi bexumor ey boog‘bon,
Vaxki bu gulshan aro gul butmas ermush xoorsiz.
Bu kecha oy nuridan bo‘lmish charog‘on sog‘u so‘l,
Navbahor oqshomi sokin, yashnagay sahroyu cho‘l,
Qaqragan dashtlar aro Vulqon hayot daryosi bo‘l,
Ahli zuxd ichra Navoiy topmadi maqsadg‘a yo‘l,
Vaqtingizni xush tuting ey ja‘mikim xummoorsiz.
9 mart, 2009 yil.
Kunduz soat 4:45.
Toronto shahri.
Yaxshilig‘
(Zahiriddin Muhammad Bobur g‘azaliga
Xoldor Vulqon muhammasi)
Kutma o‘zni fil atab yurgan quyondin yaxshilig‘,
Ko‘rmamish olam eli, kasbi ziyondin yaxshilig‘.
Yetmag‘ay insonga hech qurtu chayondin yaxshilig‘,
Kim ko‘ribdur, ey ko‘ngil, ahli jahondin yaxshilig‘,
Kimki ondin yaxshi yo‘q, ko‘z tutma ondin yaxshilig‘.
Ahli dillar o‘rtanur zulmatda har on, har daqiq,
Jilmayar poygakda donish, za‘faron, ro‘yi aqiq,
Boshiga tushganda kulfat bo‘lmadi davron shafiq,
Bu zamonni naaf‘iy qilsam, aayb qilma, ey rafiq,
Ko‘rmadim hargiz netoyin, bu zamondan yaxshilig‘.
Kimsasiz oydin sukunat to‘ldi maxzun ko‘nglima,
Gohi burgut qoya oshyon bo‘ldi maxzun ko‘nglima,
Bepoyon, darvesh shamollar yeldi maxzun ko‘nglima,
Dilrabolardin yomonlig‘ keldi maxzun ko‘nglima,
Kelmadi jonimg‘a hech oromi jondin yaxshilig‘.
Suv havo in‘om etib, so‘ng to‘ydirib qorningni xo‘p,
Toptalur poyingda tuproq, ko‘zga surt, ardoqla, o‘p,
Telba, dovdir kimsalardek chopmagin qo‘llarda cho‘p?
Ey ko‘ngil, chun yaxshidin ko‘rding yomonlig‘ asru ko‘p,
Emdi ko‘z tutmak ne ma‘ni har yomondin yaxshilig‘.
G‘am yema qo‘zg‘olsa boshing ustida to‘foni No‘h,
O‘ksima gardun yo‘linga gul emas, sochganda cho‘g‘,
Jilmayib boshing baland tut, otsalar ko‘ksinga o‘q,
Bori elg‘a yaxshilig‘ qilg‘ilki mundin yaxshi yo‘q,
Kim, degaylar, dahr aro qoldi falondin yaxshilig‘.
Porlasin ko‘ksingda Vulqon, botining zoxir kabi,
Bahri rahmat uzra suz sandiqdagi Toxir kabi,
Kemaga Farxodni olgan mehribon Shopur kabi,
Yaxshilig‘ ahli jahondin istama Bobur kabi,
Kim ko‘ribdur, ey ko‘ngil, ahli jahondin yaxshilig‘.
22 may, 2010 yil.
Kunduz soat 5 dan 43 minut o‘tdi.
Toronto shahri, Kanada.
Ñâèäåòåëüñòâî î ïóáëèêàöèè ¹114042109340